Mirziyoyev "planshetida hamma narsani koʻrib turadi"

Sherzod Shermatov Image copyright Xalqaro Press klub
Image caption AQShning Yyel universitetida tahsil olgan Sherzod Shermatov Oʻzbekiston hukumatining eng yosh aʼzolaridan sanaladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev planshetida Virtual qabulxona boʻyicha hamma narsani koʻrib turadi.

Bu haqda Axborot texnologiyalari vaziri vazifasini bajaruvchi Sherzod Shermatov maʼlum qildi.

Uning Daryo.uz nashriga aytishicha, Mirziyoyev kim shikoyatni "koʻrib chiqishni kechiktirayotganini ham koʻrib turadi".

Mulozimning soʻzlariga koʻra, avvallari fuqarolarning minglab murojaatlari "axlat qutisiga tashlanardi".

"Avval qanaqa edi? Fuqarolarning minglab murojaatlari hatto roʻyxatdan oʻtkazilmasdan axlat qutisiga tashlanardi. Bu prokuratura tekshiruvlari chogʻida aniqlangan", - deb aytgan Sherzod Shermatov.

Uning taʼkidlashicha, Virtual qabulxona "vaqtinchalik kampaniya emas, balki xalq bilan doimiy muloqot"dir.

Shermatovning soʻzlaridan xalq orasida "portal" nomi bilan ommalashgan Virtual qabulxonaning ishga tushirilishida uning oʻzi bosh-qosh boʻlgani anglashiladi.

Unga koʻra, portal joriy etilishi bilan murojaatlarning barchasi roʻyxatga olina boshlagan.

"Shu tariqa biz fuqaroning oʻz soʻroviga javob olishdek elementar huquqini taʼminladik", - deb aytgan mulozim.

"Inqilobiy islohotlar" zarur

AQShning Yyel universitetida tahsil olgan va Oʻzbekiston hukumatining eng yosh aʼzolaridan sanalgan Sherzod Shermatovning fikricha, boshqaruv tuzilmalarida chuqur ildiz otgan "qoʻlda boshqaruv"ga barham berish vaqti kelgan.

U Oʻzbekistonda "inqilobiy islohotlar"ga ehtiyoj borligi va buni amalga oshirish mumkinligini aytadi.

Shermatov koʻpgina oʻzgarishlarga qaramasdan, joylarda islohotlar depsinib qolayotganini tan olgan va "yuqoridan sehrli turtki" kerakligini aytgan.

Image copyright Gov.uz
Image caption Virtual qabulxona "vaqtinchalik kampaniya emas, balki xalq bilan doimiy muloqot"dir

Uning soʻzlariga koʻra, islohotlarni amalga oshirish uchun mamlakat rahbariyatida "siyosiy iroda" mavjud.

"Biz siz bilan mamlakat hayotida inqilobiy islohotlar oʻtkazish mumkin boʻlgan davrda yashayapmiz. Xalqning umidi katta. Kelinglar, birgalikda ishlaymiz. Mamlakatimizni bizdan boshqa hech kim rivojlantirmaydi. Mehribon amaki kelishini kutish kerak emas. Hech kim kelmaydi, men buni oʻz xodimlarimga ham doim takrorlab kelaman. Amerikada yoki Yevropada yaxshi yashashyaptimi, demak ular buni oʻzlari uchun oʻzlari qurgan. Va biz ham shunday qila olamiz", - deb aytgan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchi.

Avvalroq Prezident Mirziyoyev boshqaruvda "tizim yoʻq"ligini tan olgan edi.

Mavzuga aloqador videoni You Tube kanalimizda tomosha qiling.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq