Oʻzbekiston YeI bilan 'toʻqimachilik protokoli'ni ratifikatsiya qildi

Oʻzbekiston Image copyright Anhor.uz
Image caption Oʻzbekistondan Yevropa Ittifoqiga eksport qilinadigan toʻqimachilik mahsulotlariga boj toʻlovlari kamaytiriladi

Prezident Mirziyoyev Yevropa hamjamiyati bilan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimga oʻzgartishlar kiritish haqidagi qonunni imzolagan.

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligining xabarida aytilishicha, yangi qonun toʻqimachilik mahsulotlari savdosiga doir 2011 yilda imzolangan bitimning amal qilish muddati tugashi munosabati bilan qabul qilingan.

Bitimiga muvofiq, Oʻzbekistondan Yevropa Ittifoqiga eksport qilinadigan toʻqimachilik mahsulotlariga boj toʻlovlari kamaytiriladi.

Oʻtgan yil dekabrida Yevropa parlamenti Oʻzbekiston bilan toʻqimachilik mahsulotlari savdosiga doir bitimni maʼqullagandi.

Yevropa Parlamenti qarorida Oʻzbekistonning "bolalar mehnatiga chek qoʻyish yoʻlida qoʻygan qadamlari" inobatga olingani aytilgan.

Image copyright EUROPEAN PARLIAMENT
Image caption Yevroparlamentga koʻra, Oʻzbekiston bolalar mehnatiga "deyarli toʻla barham bergan"

Ayni paytda Yevroparlament deputatlari oʻzbek hukumatini majburiy mehnatning barcha koʻrinishlari, jumladan, talabalar va byudjet xodimlarining paxta yigʻim-terimiga jalb etilishiga chek qoʻyishga chaqirishgan.

Yevropa parlamenti deputatlari Oʻzbekiston hukumati oxirgi uch yilda Xalqaro Mehnat Tashkiloti bilan birgalikda bolalar mehnatiga "deyarli toʻla barham berganligi"ni olqishlovchi qonun kuchiga ega boʻlmagan alohida rezolyutsiyani ham qabul qilganlar.

Yevroparlament Oʻzbekistondagi vaziyatni yaqindan kuzatishda davom etishi va agar oʻzbek hukumati oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarmay qoʻysa, YeI Kommissiyasi va Kengashidan rasmiy Toshkent bilan bitimni toʻxtatishni soʻrashi haqida ogohlantirgan.

Yevropa Parlamenti aynan Oʻzbekiston paxta sanoatidagi bolalar va majburiy mehnatga oid daʼvolar sabab, 2011 yilda bu kelishuvning taqdirini savol ostida qoldirgandi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02