Dunyo yetakchilari London hujumlarini qoraladi

London Image copyright AFP

Dunyo yetakchilari shanba kuni yetti kishining umriga zomin boʻlgan London hujumlarini qoraladi. Hujumlarda 30 dan oshiq kishi jarohatlangan. Politsiya odamlarga hujum qilgan ikki kishini otib oʻldirgan. Londonda hujum ortidan maxsus amaliyotlar oʻtkazilmoqda.

Hujumlarda 4 fuqarosi jarohatlangan Frantsiya Prezidenti Emmanuel Makron Britaniyaga har doimgidan ham yaqinroq ekanligini bildirgan.

Avstraliya Bosh vaziri Malkolm Ternbull "duolari va qatʼiyatli birdamligi" Birtaniya xalqi bilan birga ekanligini aytgan.

AQSh Prezidenti Donald Tramp twitterdagi sahifasida shanba kuni kechqurun "London va Britaniya uchun har qanday yordam kerak boʻlsa, biz yoningizdamiz. Xudoning panohiga", deb twit qoldirgan.

3 iyun kechasi Londonning uch joyida tinch aholiga hujum boʻlgan. Politsiyaga koʻra, ularning ikkitasi terror hujumi.

Mahalliy vaqt bilan 22:08 da furgon avtomobili odamlarni bosgani toʻgʻrisida politsiyaga xabar kelib tushgan.

Keyinroq politsiyani Borou-market bozoriga pichoq bilan hujum xabari bilan chaqirishdi.

Voksol mavzesida ham pichoq bilan hujum qayd etildi. Ammo politsiya uni boshqalari bilan bogʻliq emas, dedi.

"Qizil kiyinib olgan qoʻlida pichogʻi bor erkakni koʻrdim. U boshqa bir odamga 3 marta pichoq urganini koʻrdim. Yuzida hech qanday ifoda yoʻq edi", - deydi guvohlardan biri.

Politsiya hujumchilarni otib oʻldirgan. Yerda yotgan hujumchining surati tarqalgan.

Bosh vazir Tereze Mey, hujumga qaramasdan parlament saylovlari qoldirilmasligini maʼlum qilgan.

Britaniya Bosh vazirining bayon qilishicha, mamlakatning aksilterror strategiyasi qayta koʻrib chiqiladi. Kutilayotgan oʻzgartirishlar aynan nimalarni koʻzda tutishi hozircha nomaʼlum.

Mey Britaniyaning plyuralistik qadriyatlarini himoya qilish kerakligini aytgan.

London hujumlaridan keyin shaharning sharqing mintaqasida 12 kishi hibsga olingan.

Bu hujumlarda yetti kishi qurbon boʻlgan, 48 odam yaralangandi.

Bosh vazir Tereza Mey ortiq bu kabi holatlarga toqat qilinmasligini urgʻular ekan, "bas, yetar", deya hujumlarni qoralagan.

Britaniya Ichki ishlar vaziri tungi hujumlar munosabati bilan amaliyotlar oʻtkazilayotganini aytdi.

Hujumga masʼuliyatni halicha hech bir guruh yoki shaxs oʻz zimmasiga olmagan. Bu - Buyuk Britaniyada bor-yoʻgʻi uch oyning ichida uyushtirilgan uchinchi terrorchilik hujumi boʻlgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq