Mirziyoyev "ashaddiy" dindorlarni fuqarolikdan chiqarmoqchi

Mirziyoyev Andijonda nuroniylar bilan ham muloqotda boʻlgan Image copyright President.uz
Image caption Mirziyoyev Andijonda nuroniylar bilan ham muloqotda boʻlgan

Prezident Mirziyoyev "ashaddiy" adashgan dindorlarni fuqarolikdan chiqarishini bildirdi. Adashganlarni esa ilm va maʼrifat bilan "toʻgʻri yoʻlga" solishga chaqirdi. U yoshlarning "turli oqimlarga" kirib ketishda hukumatning ham aybi borligini tan olgan.

Prezident Andijon viloyatiga qilgan safari chogʻida viloyat hokimiyatida yigʻilishda diniy masalaga alohida urgʻu bergan.

U murojaat bilan chiqib, turli oqimlarda ayblanayotgan odamlarning yaqinlarini jamiyatdan uzib qoʻymaslik kerakligini taʼkidlagan.

Prezident "boshqa oqimlarga" kirayotgan yoshlarni ajratib qoʻymaslik kerakligini taʼkidlagan.

"Boshqa oqimga kirsa, mening bolam emas, qoʻshnining bolasi, boshqa tumannning bolasi deymiz. Yoki boshqa viloyat bolasi, deymiz. U Oʻzbekiston fuqarosi-ku", - degan Mirziyoyev.

Prezident ashaddiy adashganlarni fuqarolikdan chiqarishga tayyor ekanligini va qolganlarni maʼrifat bilan toʻgʻri yoʻlga solish chaqirigʻini bilan chiqqan.

"Bugun Andijon din peshvolariga qattiq savol qoʻymoqchiman. Agar beshta mahallada 20-30 nafar kishi diniy yoʻlda adashgan boʻlsa, misol uchun, hisob-kitobi bor. Yigirmatadan beshtasi ashaddiy, ular qaytmaydi. Ular bilan shugʻullanish kerak emas, Oʻzbekiston fuqaroligidan chiqarish kerak. Bizga kerak emas" degan u.

Mirziyoyev odamlarning "boshqa oqimlar"ga kirib ketishida hukumatning ham aybi borligini ochiq tan olgan.

"Oʻrtoq tuman hokimi, bunga joy ber, yer ber, hovli ber. Oʻzi asli ajabtovur odam ekan, sening noinsofliging uchun, adolatsizliging uchun shunday boʻlib yuribdi. Uyam toʻgʻri. Bizdayam xato bor. Ijro organlaridayam xato bor", - degan Prezident.

Mirziyoyevning dindorlar haqi aytgan videosini tomosha qilish uchun YouTube kanalimizga boring.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq