5 arab davlati Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzdi

Qatar Image copyright Getty Images
Image caption Qatar hukumati oʻziga qarshi boʻhton kampaniyasi olib borilayotganini aytadi

Saudiya Arabistoni, Misr, Bahrayn, Yaman va Birlashgan Arab Amirliklari Qatarni mintaqani beqarorlashtirishda ayblab, u bilan diplomatik aloqalarni uzishgan.

Ushbu davlatlarning hukumatlariga koʻra, Qatar terrorchi guruhlar, jumladan, "Musulmon qardoshlar"ni qoʻllab-quvvatlaydi.

Saudiyaning davlat xabar agentligi SPA ning bildirishicha, Ar-Riyod Qatar bilan chegaralarini yopgan va qoʻshnisi bilan quruqlik, dengiz va havodan barcha qatnovlarni toʻxtatgan.

Agentlikning rasmiylardan iqtibos keltirishicha, ushbu qadamlar milliy xavfsizlikni "terrorchilik va ekstremizmdan himoyalash" maqsadida qoʻyilgan.

Misr Tashqi ishlar vazirligi ham Qatar bilan havo va dengiz qatnovi toʻxtatilganini aytgan.

Birlashgan Arab Amirliklari esa Qatar diplomatlariga mamlakatni tark etishlari uchun 48 soat muhlat bergan.

Bahrayn davlat agentligining xabar berishicha, Qatar bilan diplomatik aloqalar ushbu Koʻrfaz davlati Bahraynning ichki ishlariga aralashgani va uning xavfsizligi hamda barqarorligiga tahdid solgani vajidan uzilgan.

Saudiya boshchiligida Yamanda Xutiy isyonchilariga qarshi urushayotgan ittifoqchilar ham Qatarni ittifoqdan chiqarishgan.

Ularga koʻra, Qatar "Al-Qoida" va "Islomiy davlat" singari tashkilotlarni qoʻllab-quvvatlamoqda".

Avvalroq Qatar hukumati bu ayblarni rad etgan va oʻziga qarshi boʻhton kampaniyasi olib borilayotganini aytgandi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02