IShID Londondagi hujum uchun masʼuliyatni zimmasiga oldi

London Image copyright EPA
Image caption Hujum London koʻprigi hududida yuz bergan

"Islomiy davlat" ekstremistik guruhi Londonda yetti insonning hayotiga zomin boʻlgan hujum uchun masʼuliyatni zimmasiga olgan.

Bu haqdagi xabarni tashkilot IShIDga aloqador deb ishoniladigan Amak agentligi orqali tarqatgan.

Avvalroq Britaniya politsiyasi hujumchilarning shaxsini aniqlaganini aytgan, ammo ularning ism-shariflarini eʼlon qilmagandi.

"Islomiy davlat" koʻpincha aniq aloqasi boʻlmasa ham Yevropadagi hujumlar uchun masʼul ekanini aytib keladi.

Britaniya politsiyasi va hukumati hozircha IShIDning bayonotini sharhlamagan.

3 iyun kechasi Londonning uch joyida tinch aholiga hujum boʻlgan. Politsiyaga koʻra, ularning ikkitasi terror hujumi.

Mahalliy vaqt bilan 22:08 da furgon avtomobili odamlarni bosgani toʻgʻrisida politsiyaga xabar kelib tushgan.

Keyinroq politsiyani Borou-market bozoriga pichoq bilan hujum xabari bilan chaqirishdi.

Voksol mavzesida ham pichoq bilan hujum qayd etildi. Ammo politsiya uni boshqalari bilan bogʻliq emas, dedi.

"Qizil kiyinib olgan qoʻlida pichogʻi bor erkakni koʻrdim. U boshqa bir odamga 3 marta pichoq urganini koʻrdim. Yuzida hech qanday ifoda yoʻq edi", - deydi guvohlardan biri.

Politsiya hujumchilarni otib oʻldirgan. Yerda yotgan hujumchining surati tarqalgan.

Bosh vazir Tereza Mey, hujumga qaramasdan parlament saylovlari qoldirilmasligini maʼlum qilgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02