Ozodbek Nazarbekov: Davlat tashkiloti bazmida tekin xizmat qilmaylik

Nazarbekov Image copyright uzbeknavo.uz

Maʼlum boʻlishicha, prokuratura dohil boshqa davlat muassasalari oʻzlarining korporativ bazmlarida xonandalar xizmatidan bepul foydalanishadi. Kamiga ularga doʻq urib, obroʻsizlantiradi.

Bu haqda Oʻzbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov shikoyat qilgan va Madaniyat vaziri oʻrinbosari uning gaplarini maʼqullagan.

Ozodbek Nazarbekovning aytishicha, sanʼatkorlarning davlat tashkilotlari oldida hurmati qolmagan. Davlat muassasalarining korporativ bazmlariga xonandalar tekin xizmat qilishga majbur. Sal kech qolishsa ularni "oʻdagʻaylab" tergashadi.

"Davlat tashkilotlari oldida sanʼatkorlarning hurmati yoʻq. Davlat tadbirlari haqida gapirmayapman. Tashqi ishlar vazirligida tadbir qiladi yoki prokuraturada oddiy oʻtirish qiladi, masalan Navroʻzga oʻtiradi. Nonni pulga oladi, suvni pulga oladi, restoranni pulga zakaz qiladi va sanʼatkor tekinga borishi kerak. Hurmat ham shunga yarasha boʻladi".

Ozodbek Nazarbekov "Oʻzbekkontsert" davlat muasasasi tomonidan tomonidan 2 iyun kuni tashkil qilingan majlisda gapirgan. Unda Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari Minhojiddin Hojimatov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni masʼul xodimi Abduvahob Saxiyev va "Oʻzbekkontsert" davlat muasasasi direktor vazifasini vaqtincha bajaruvchi Azamat Haydarovlar ishtirok etgan.

Madaniyat vazirligi qoshida tijoriy boʻlim ochilsin.

Nazarbekov Madaniyat vazirligi qoshida tijoriy boʻlim ochilishini va shu vaqtgacha sanʼatkorlar xizmatidan tekin foydalanib kelayotgan davlat tashkilotlari unga pul oʻtkazish yoʻli bilan ular xizmatidan foydalanishni yoʻlga qoʻyishni taklif qildi.

"Ular vazirlikka xat bilan chiqadi. Sizlar uning ijrosini taʼminlab berishlaringiz kerak. Tijoriy boʻlim boʻlsa , mana shunaqa oʻtirish qilmoqchi boʻlganlardan, senga kim kerak deb soʻraydi. Pulini toʻla yoki tushir. Shunda sal hurmatimiz joyiga keladi. Hozir ularda bitta vazirlikka xat tashlasak hammasi keladi, degan fikr bor. Keyin mana shunaqa oyoq ostilik, sal 15 minut kech qolsang, oʻdagʻaylab ham beradi yana".

Nazarbekovga koʻra, shunday boʻlsa yuridik tomonlama ham toʻgʻri boʻladi, hech kim eʼtiroz ham qilmaydi.

Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari Minhojiddin Hojimatov xonandaning fikrlarini maʼqullagan.

U ham yigʻilishda vazirlikning dardini aytib ketgan. Maʼlum boʻlishicha, Oʻzbekistondagi davlat tashkilotlari biror tadbir oʻtkazsa hatto Madaniyat vazirligi bilan kelishmasdan hamma narsani ulardan oladi. Biroq matbuotda vazirlik nomi oʻrniga oʻsha tashkilot nomi turadi.

"Toʻgʻri narsalarni aytdingiz, bu yerda bitta narsa bor. Baʼzan protokollar kelib qoladi. Unga na vazirlik rozilik bergan, na boshqa. Bunday qarasangiz protokolda ovoz kuchaytirgich qoʻyadigan bizmiz, sahna qiladigan bizmiz, boshlovchi beradigan bizmiz, sanʼatkor beradigan bizmiz, rejissyor beradigan bizmiz. Tadbirning egasi keladi-da faqat sovgʻa topshirib. Gazetaga qarasang bir ogʻiz madaniyat vazirligi degan joy yoʻq", - degan Minhojiddin Hojimatov.

Videoni tomosha qilish uchun YouTube bosing

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq