Jasur Ibragimov ishi: asosiy gumondor hibsga olindi

Jasur Ibragimov Image copyright Courtesy
Image caption Jasur Ibragimov hodisadan qariyb 1 oy oʻtib, 1 iyun kuni Toshkentdagi shifoxonada hayotdan koʻz yumgan

Kaltaklab oʻldirilgani iddao qilingan toshkentlik talaba Jasur Ibragimovning oʻlimi yuzasidan boshlangan tergovni Oʻzbekiston Bosh prokurori Ixtiyor Abdullayev shaxsan nazoratga olgan.

Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Xabarda aytilishicha, 17 yoshli tibbiyot koleji talabasining oʻlimida gumon qilinayotgan Islom Toʻlaganov hibsga olingan.

Bosh prokuratura bayonotiga koʻra, Toʻlaganovga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 104-modda, 3-qism, "d" bandi ( Qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish-jabrlanuvchining oʻlimiga sabab boʻlsa-tahr) boʻyicha ayblov eʼlon qilingan.

Rasmiy xabarda Toshkent shahar prokuraturasi 4 iyun kuni jinoyat ishini ish yurituvga qabul qilgani aytiladi.

Aynan shu kuni Toshkentda jamoatchilik vakillarining Jasur Ibragimov oʻlimi yuzasidan norozilik chiqishi boʻlib oʻtgan edi.

"Kollejdan tashqarida"

Avvalroq Jasur Ibragimovning oʻlimi markazida boʻlgan kollej maʼmuriyati ilk bor rasmiy bayonot bilan chiqqan.

Borovskiy nomli tibbiyot kolleji maʼmuriyatining taʼkidlashicha, Jasur Ibragimovning oʻlimiga sabab boʻlgan hodisa "kollej hududidan ancha uzoqda" sodir boʻlgan.

Dushanba kuni kollejning rasmiy veb-saytida rus tilida joylashtirilgan bayonotda kollej hududida 120 ta kuzatish kameralari oʻrnatilgani va maxsus qoʻriqlash xizmati mavjudligi urgʻulanadi.

"Ayni hodisa kollej hududidan ancha uzoqda yuz bergan", deyiladi bayonotda.

"Guruh holida doʻpposlanmagan"

3 may kuni soat 14:15-14:30 larda kollej talabalari Ibragimov Jasur hamda Toʻlaganov Islomlar orasida yuz bergan hodisa tafsilotlariga toʻxtalgan kollej maʼmuriyatining guvohlarga tayanib bildirishicha, "guruh holida doʻpposlash boʻlmagan".

Maʼmuriyatning aytishicha, marhum Jasur Ibragimovning 4 nafar doʻstlari hodisaga guvoh boʻlganlar.

Bayonotda taʼkidlanishicha, aynan "Jasurning doʻstlari" ommaviy mushtlashuv boʻlmagani haqida koʻrsatma berishgan.

"Guvohlarning soʻzlariga koʻra, guruh holida doʻpposlash boʻlmagan va hodisadan soʻng, Jasur mustaqil ravishda taksida uyiga ketgan. Onasining soʻzlariga koʻra, u 17:40 da onasiga telefon qilib, oʻzini yomon his qilayotganini aytgan", - deyiladi rasmiy bildirishda.

"Hodisa oqibatlari borasida ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab farazlarning aytilayotgani"ga eʼtibor qaratgan tibbiyot kolleji maʼmuriyati tergov idoralari unga tegishli bahoni berishini taʼkidlagan.

Norozilik chiqishlari

Jasur Ibragimovning 1 iyun kuni olamdan oʻtgani haqidagi xabar 3 iyun kuni tushdan soʻng Facebook va boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlar tomonidan shiddat bilan yoyilgan.

4 iyun kuni Toshkentning "Doʻstlik" (sobiq "Bobur") bogʻida toʻplangan 400 ga yaqin jamoatchilik vakillari Jasurning qotillarini topish va jazolashni talab qilganlar.

Ular bir oy muqaddam yuz bergan jinoyat yuzasidan huquq-tartibot idoralari va kollej maʼmuriyatining sukut saqlab kelganini qoralashgan.

Toshkentdagi misli koʻrilmagan norozilik aktsiyasi tashkilotchilarining aytishlaricha, 400 ga yaqin odam Jasur Ibragimov oilasini qoʻllab-quvvatlab, petitsiyaga imzo chekkan.

Militsiya va xavfsizlik xizmati xodimlari norozilik chiqishini kuzati turgani, ammo aktsiya qatnashchilariga nisbatan hech qanday bosim boʻlmagani xabar qilingan.

Bir vaqtning oʻzida Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi jurnalistlar uchun tezkor brifing tashkil qilib, tergov harakatlari olib borilayotganini maʼlum qilgan.

"2017 yil 3 may kuni taxminan soat 14:00 larda Yashnobod tumani hududidagi 145-maktab oldida Jasurbek Maxamad oʻgʻli Ibragimovga nisbatan ogʻir tan jarohatlari yetkazilganligi holati yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 3-qismi "d" bandi (jabrlanuvchining oʻlimiga sabab boʻlgan qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish) alomatlari bilan 1999 yilda tugʻilgan Islombek Abdujamilovich Tulaganovga nisbatan mavjud boʻlgan jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda", deyilgan rasmiy xabarnomada.

"Adolat qaror topsin!"

17 yoshli Jasur Ibragimovning yaqinlariga koʻra, u besh marta jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan, ammo shifokorlar Jasurning hayotini qutqarib qololmagan.

Marhumning yaqinlari unga tibbiy yordam koʻrsatish paysalga solinganini aytib, kollej maʼmuriyatini qotillik izlarini bostirish va gumondorlarni himoya qilishga urinishda ayblaganlar.

Jasur Ibragimovning onasi Prezident Mirziyoyevga murojaat qilib, undan adolatni qaror toptirishda yordam soʻragan.

Murojaatda aytilishicha, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura hamda Ombudsman idoralariga qilgan murojaatlari javobsiz qolgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02