Alisher Xadjayev yangi lavozimga tayinlandi

Xadjayev Image copyright Dunyouzbeklari.com
Image caption Xadjayev shu yil fevralida MTRK raisligidan boʻshatilgandi

Oʻzbekiston Milliy Teleradikompaniyasining sobiq raisi Alisher Xadjayev Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisining oʻrinbosari etib tayinlangan.

Bu haqdagi qaror hukumat portalida 6 iyun kuni eʼlon qilindi.

Maʼlum boʻlishicha, Xadjayev lavozimga 2 iyun kuni tayinlangan.

55 yoshli Xadjayev shu yil fevralida Prezident Mirziyoyevning OʻzTVni tanqid qilishi ortidan lavozimdan chetlatilgandi.

Uning nima uchun ishdan boʻshatilgani borasida rasmiy izoh berilmagan.

Xadjayev oxirgi yillarda Milliy Teleradikompaniyada yuz bergan korruptsiya mojarolari markazida boʻlgan.

Televideniyening sobiq jurnalistlari Malohat Eshonqulova hamda Saodat Omonovalar Xadjayevni tanish-bilishchilik va korruptsiyada ayblaganlar.

Ammo Karimov davrida jurnalistlarning OʻzMTRK rahbariyati ustidan Prezident va Bosh vazir nomiga qilgan shikoyat va murojaatlari javobsiz qoldirilgan.

Xadjayevning joriy bosh vazir Abdulla Aripovga quda boʻlgani, Aripov 2012 yilda Bosh vazir oʻrinbosari lavozimidan olingach, u bilan qarindoshlik rishtalarini uzgani aytiladi.

Mahalliy jurnalistlar Xadjayev davrida davlat televideniyesida tsenzura va mahalliychilik kuchaygani, koʻplab ijodkorlarning asossiz ishdan boʻshatilganini aytishgan.

Alisher Xadjayev televideniye rahbarligiga qadar Prezident huzuridagi Xavfsizlik Kengashida xizmat qilgan va maxsus xizmatlarga aloqaasi borligi aytiladi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02