Rustam Azimov hukumat tarkibini tark etdi

Karimov va Azimov Image copyright Reuters
Image caption Karimov va Azimov

Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari, Makroiqtisodiy rivojlantirish va xorijiy sarmoyalar kompleksi rahbari Rustam Azimov lavozimlarini topshirgan.

Rustam Azimovning lavozimlardan oʻz ixtiyori bilan ketganmi va yo buyruq asosida ishdan olinganmi aniq emas.

Oʻzbekistondagi nashrlarda uning oʻrniga Moliya vazirining birinchi oʻrinbosari Jamshid Qoʻchqorov tayinlangani haqida aytilmoqda.

Marhum prezident Islom Karimovning merosxoʻrlaridan biri deb koʻriladigan Rustam Azimov Shavkat Mirziyoyev prezident etib saylanganidan keyin birin-ketin lavozimlaridan judo boʻla boshladi.

Oʻtgan yil oxirlarida Moliya vaziri va Bosh vazirning birinchi oʻrinbosarligini topshirgan va Mirziyoyevning chiqishlarida ketma-ket tanqid nishoniga aylanib qolgan edi.

Ikki Rustamdan biri ketdi...

Oʻzbekiston hukumatidagi oʻzgarishlarni yaqindan kuzatib kelayotgan manbalar va mustaqil jurnalistlarga koʻra, Mirziyoyev Rustam Azimovni avvaldan oʻzi uchun jiddiy raqib sanab kelgan.

Bundan bir yarim oycha avval Reuters axborot agentligi Oʻzbekiston hukumatidagi qudrat doiralarini manbalariga tayanib tahlil qilgandi.

"Oʻzbekiston hukumatidagi manbalarga iqtibosan xabar berishicha, Islom Karimov oʻlimidan soʻng Prezidentlikka saylangan Shavkat Mirziyoyev amalda qudratni yana ikki shaxs, Bosh vazir oʻrinbosari Rustam Azimov va MXX rahbari Rustam Inoyatov bilan "boʻlishardi".

Reuters manbalariga koʻra, "Gʻarb tomonidan islohotchi sifatida koʻrilgan Rustam Azimov hozirda "chetga chiqarilmoqda".

Reuters: "Bu Markaziy Osiyoning aholisi eng koʻp mamlakat boshqaruvida asosan ikki shaxsni qoldirib, qaror qabul qilish jarayonini soddalashtirish ehtimolini tugʻdiradi".

"Lekin qudratda qolayotgan ikki shaxs oʻrtasidagi tanglik ham saqlanib qolmoqda".

Reuters manbalariga koʻra, Mirziyoyev oʻzini islohotchi qilib koʻrsatishni istaydi.

Lekin oʻta ehtiyotkor Inoyatov iqtisodiy va valyuta erkinligi kabi nisbatan keskin islohotlarga qarshi.

Islom Karimov komandasida boʻlgan va hozirda Oʻzbekistondagi eng qudratli kuch tizimiga rahbarlik qilayotgan Rustam Inoyatov bilan prezident Mirziyoyevning munosabatlari mustahkam ekaniga ishora beruvchi dalillar oz.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02