Qatardan qoʻshnilar nima uchun xafa?

Badavlat Qatar manzaralari Image copyright Reuters
Image caption Badavlat Qatar manzaralari

Turfa tomonlardan muloqot chaqiriqlari yangrayotganiga qaramay, Qatarning qoʻshnilari bilan ziddiyati tobora chuqurlashib bormoqda.

Qatardan Saudiya Arabistoni, Misr va Bahraynga parvozlar toʻxtatilgan.

Bir necha davlatlar Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzishdi.

Qatarni "terrorchilikni dastaklashda" ayblashdi.

Doha bu kabi ayblovlarni keskin rad etib keladi.

BBC Arab xizmatidan Amir Ravash Qatarning qoʻshnilari bilan bu qadar keskin munosabatlari tarixiga nazar tashlaydi.

Musulmon birodarlar

Image copyright AFP
Image caption Ayrim parvozlar bekor qilindi

Qatar va Fors koʻrfazi Hamkorlik kengashi davlatlari Arab bahorida bir-biriga qarshi guruhlarni qoʻllashgandi.

Doha mintaqada muvaffaqiyat qozonayotgan islomchilar tarafini olgan edi.

Masalan, Misrning sobiq prezidenti Muhammad Mursiy qudratdan ketishga majbur boʻlar ekan, Qatar Qohira taqiqlagan muxolif guruhlarni dastakladi.

Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari ham Musulmon Birodarlari guruhini "terrorchi tashkilot" deb taniydi.

Eron bilan munosabatlar

Soʻnggi ziddiyatlarga Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad al Thanining Eronga "dushmanligini" uchun AQShni tanqid qilgani ham sabab deyilmoqda.

Saudiya Arabistoni bayonotida Dohani "Qatif mintaqasida ( Saudiya sharqidagi mintaqa) Eron dastaklayotgan terrorchi guruhlarni" qoʻllab-quvvatlagani urgʻulanadi.

Saudiyaning bu mintaqasida asosan shialar istiqomat qiladi.

Qatarni shuningdek, Yamandagi xusiylarni dastaklashda ham ayblashadi.

Doha esa ayni ayblovlarni rad etar ekan, "tashqi davlatlarning ichki ishlariga aralashmasligini" taʼkidlab keladi.

Liviyadagi ziddiyat

Liviya 2011 yilda Muammar Qaddofiy qudratdan ketganidan beri oʻzini oʻnglab olgani yoʻq.

Liviya harbiy rahbarlaridan Xalifa Haftar Misr va BAAdan yordam oladi.

U Qatarni "terrorchi guruhlarni" dastaklashda ayblaydi.

Haftar mamlakat sharqidagi Tobruk shahrida joylashgan hukumatni qoʻllasa, Qatar Tripolidagi muxolif hukumatni dastaklab keladi.

Qatardagi soʻnggi vaziyat haqida videolavha

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02