Kobul: Qonli hujum qurbonlari soni 150 dan ortdi

Kobulliklar Image copyright Reuters
Image caption Kobulliklar

Bu haqda shaxsan Afgʻoniston Prezidenti Muhammad Ashraf Gʻaniyning oʻzi maʼlum qilgan.

Uning bu bayonoti poytaxt Kobulda ish boshlagan yirik xalqaro xavfsizlik anjumani ilk kunida yangragan.

Kobuldagi halokatli xudkushlik hujumi oʻtgan chorshanba kuni amalga oshirilgan.

Shu paytgacha bu hujum qurbonlarining soni kamida 90 kishi ekani aytib kelinayotgandi.

Bu hujumda yuzlab sondagi insonlar yaralangan, ulardan aksariyatining hozirga kelib, oʻz uylariga qaytganliklari ishoniladi.

Shu paytgacha bu hodisaga masʼuliyatni biror bir jangari guruh oʻz zimmasiga olmagan.

Afgʻoniston Josuslik Xizmatlari unda "Haqqoniy" tarmogʻi va qoʻshni Pokistonni ayblashgan.

Rasmiy Islomobod ularning bu daʼvolarini zudlik bilan rad etgan, ammo tarmoq hali-hanuz jim.

Poytaxt Kobul ilk bor mezbonlik qilayotgan uch kunlik yirik xalqaro xavfsizlik anjumani esa, ana shu xudkushlik hujumi doxil shahar ustma-ust sahna boʻlgan zoʻravonliklardan sanoqli kunlar oʻtib ish boshlagan.

Image copyright Reuters
Image caption Hujumdan keyin

Anjumanda jaʼmi 20 dan ortiq mamlakat va turli nufuzli xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etishmoqda.

Ularning orasida afgʻon mojarosida muhim oʻrin tutuvchi barcha mintaqaviy oʻyinchilar va AQSh, Xitoy, Rossiya kabi global qudratlar ham bor.

Afgʻonistonga tinchlik keltirish va terrorchilikka qarshi hamkorlikda kurashish - kun tartibidagi asosiy masalalar boʻladi.

Bu - shaxsan prezident Muhamad Ashraf Gʻaniy tashabbuskori boʻlgan va sulh masalasiga bagʻishlab, afgʻon tuprogʻida boʻlib oʻtayotgan birinchi xalqaro xavfsizlik anjumani boʻladi.

Rasmiy Kobul soʻnggi paytlarda Afgʻonistonga oid har qanday tinchlik jarayoniga shaxsan oʻzlari boshchilik qilishlari kerakligi mavqeiga oʻtgan.

Boshqa tomondan, oʻtgan 16 yil davomida turli vositachi davlatlarning sulh borasidagi urinishlari besamar ketgani ham bor gap.

Ammo Kobul tashabbuskori boʻlgan bu anjuman nafaqat shahar sahna boʻlgan ustma-ust zoʻravonliklar, balki-da, aynan shu hodisalar sabab, milliy birdamlik hukumati saflarida tanglik kuchaygan bir sharoitda boʻlib oʻtmoqda.

Xabarlarga koʻra, Afgʻoniston ijroiy raisi doktor Abdulla Abdulla va Tashqi ishlar vaziri, muxolifatdagi "Islomiy Jamiyat" siyosiy partiyasi lideri Salohiddin Rabboniylar bu yigʻinning ilk kunida koʻrinish berishmagan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02