Azimov ketdi, pul islohoti nima boʻladi?

Image copyright Official
Image caption Mirziyoyev va Azimov Karimovning dafn marosimida yonma-yon tobutkashlik qilishgan

Oxirgi ikki haftada soʻnggi ikki oʻn yillikda Oʻzbekiston hukumatining bank-moliya tizimi va iqtisodiyot kompleksiga rahbarlik qilib kelgan ikki shaxs hukumatdan ketdi.

Ulardan birinchisi-Markaziy Bank raisi Fayzulla Mullajonov 23 may kuni 67 yoshida olamdan oʻtgan boʻlsa, ikkinchisi- Bosh vazir oʻrinbosari Rustam Azimov seshanba kuni isteʼfoga chiqarildi.

59 yoshli Azimov Islom Karimov yaratgan siyosiy-iqtisodiy tizimda eng muhim oʻrinlardan birini egallab kelgan va marhum prezidentning merosxoʻri sifatida koʻrilgandi.

Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylanishi ortidan oʻzbek tilidagi internet nashrlarida boshlanib ketgan omma soʻrovlarining hammasida Rustam Azimov nomzodi eng koʻp ovoz olgandi.

Ammo aftidan, ushbu omma soʻrovlarining natijasi Mirziyoyevni, uning oʻtmishdagi siyosiy raqibi deb ishonilgan Azimov oʻzi rejalayotgan yoki eʼlon qilgan islohotlarni amalga oshirish uchun eng yaxshi nomzod ekaniga ishontira olmagan.

Yoki Karimovning chorak asrlik boshqaruvi davrida shaxsiy sadoqat tamoyiliga qurilgan kadrlar siyosatida yetishgan Mirziyoyevdagi savqi tabiiy bunga izn bermagan.

Va bu bilan Mirziyoyev qaysidir maʼnoda Karimovning 1992 yil boshidagi tajribasini takrorlayotgan boʻlsa, ajab emas.

Oʻshanda yangi saylangan birinchi Prezident xalq orasida ancha mashhur va elita ichida ham sezilarli qoʻllab-quvvatlovga ega boʻlgan, oʻjar va mustaqil koʻringan vitse-prezident Shukrullo Mirsaidovdan, garchi u oʻz arizasi bilan ketgan boʻlsa ham, "qutulgandi".

Ammo Azimovdan farqli oʻlaroq, Mirsaidov oʻzining siyosiy intilishlarini yashirmagan va Karimovga ochiq qarshi chiqqan, u tanlagan siyosiy kursni "nodemokratik" deya qoralagandi.

Mirsaidovning keyingi qadamlari, xususan, uning muxolifat saflariga qoʻshilishi va Karimovdan norozi guruhlarni oʻz atrofida jipslashtirish urinishlari Karimovning qoʻrquvi bejiz boʻlmaganini koʻrsatdi.

Albatta, bularning birontasi Azimovda boʻy koʻrsatgani yoʻq.

Azimovning isteʼfosi Prezident Mirziyoyev iqtisodiyotni tubdan yangilash dasturini eʼlon qilgan pallada yuz bermoqda.

Aynan Rustam Azimov hozirda koʻp milliardlik kreditlarga muhtoj Oʻzbekistonni xalqaro moliya institutlari bilan bogʻlab turgan muhim shaxs boʻlgan.

Hatto gʻarb moliya institutlari Oʻzbekistonga qarzlarni "shaxsan Rustam Azimov kafolati ostida" berganini aytadiganlar ham bor.

Xoʻsh, hozirda islohotlarning taqdiri nima boʻladi?

Pul-valyuta sohasida kutilayotgan oʻzgarishlar amalga oshadimi?

BBC bu borada mintaqaviy sharhlovchilarning fikrlarini soʻragan.

Alisher Ilhomov, Londondagi SOAS (Osiyo, Afrika, Yaqin va Oʻrta Sharq tadqiqotlari ) Universiteti tadqiqotchisi: Garchi Karimov davrida Azimov va Mirziyoyev uzoq vaqt baqamti ishlashgan esa-da, har ikki shaxs ehtimoliy voris sifatida koʻrilgani uchun, Azimov prezident boʻlishni istagan, istamaganidan qatʼiy nazar, ikki oʻrtada bir-birini raqib sifatida qabul qilishdek munosabatlar boʻlganini tasavvur qilishimiz mumkin. Pirovardida, kuch tizimlarining dastagini olishga muvaffaq boʻlgan Mirziyoyev prezident boʻldi, ammo hukumatda Azimovga oʻxshagan maʼlum taʼsirga ega shaxsning boʻlishi uni oʻziga yetarli darajada ishonishiga xalaqit qilishi mumkin. Mirziyoyev garchi Bosh vazir boʻlgan boʻlsa ham, asosan qishloq xoʻjaligi sohasi uchun masʼul edi. Azimov esa, bank-moliya tizimiga rahbarlik qilgan. Oʻzbekistondagi moliya tizimi juda murakkab, taʼbir joiz boʻlsa, "bir necha qavatli" tizim. Paxta va boshqa xomashyolardan kelgan ulkan daromadlarning hammasini Moliya vazirligi tomonidan nazorat qilingan. Azimov kuch tizimlariga orqa qilmagan boʻlsa ham, uning qoʻlida juda katta zahiralar bor edi. Garchi Mirziyoyev Azimovni avvalroq moliya vazirligidan chetlatgan boʻlsa ham, hali koʻpgina odamlar joy-joylarida turgani uchun Azimov koʻpchilik nazarida baribir boshliq va katta taʼsirga ega shaxs maqomini saqlab kelayotgandi. Menimcha shuning uchun ham Mirziyoyev oxirgi oylarda Azimovga bosim oʻtkazib keldi va hatto uni jamoatchilik koʻz oʻngida yerga urishga ham harakat qildi. Unga tovuq boqishni topshirdi yoki limon yetishtirishga jalb qildi. Men masalan, Azimovning oʻrnida boʻlsam, tezroq bu kabi tahqirlovchi vaziyatdan qutulish va hukumatdan ketishga harakat qilgan boʻlardim. Ammo biz bilmaymiz, Azimov oʻz istagi bilan ketdimi hukumatdan yoki ketkazildimi. Oʻz vaqtida Azimov Oʻzbekistonga maʼlum sarmoyalarni jalb qila olgan va xalqaro moliya institutlari bilan qandaydir aloqalar, munosabatlarni yoʻlga qoʻya olgandi. Bu maʼnoda hozircha hukumatda Azimov bilan boʻylashadigani yoʻq. Shu jihatdan uning Oʻzbekinvestga oʻtkazilgani mantiqiy bir qaror. Ammo yangi lavozimda Azimov haqiqiy vakolatlar va imkoniyatlarga ega boʻladimi, yoʻqmi, bu qorongʻu. Azimov aynan islohotlar uchun yirik kreditlar zarur boʻlgan bir vaqtda hukumatdan ketayapti. Ehtimol, Mirziyoyevning Rossiya va Xitoyda katta-katta sarmoyaviy shartnomalarni imzolab qaytgani unda oʻziga yanada koʻproq ishonch va kuch bergan boʻlishi ham mumkin. Ammo shaxsan menga Mirziyoyev oʻzi eʼlon qilgan islohotlarni amalga oshirishda kimlarga tayanishi qorongʻu. Buning uchun boshqaruv va bank-moliya tizimi, pul-kredit siyosatida juda katta tajribaga ega odamlar kerak boʻladi. Hozirgi hukumatdagi kadrlar haqiqiy bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlab koʻrmagan, faqat Karimovning maktabidan oʻtgan odamlar. Albatta, Azimov ham eski tizimdan chiqqan, ammo boshqalardan farqli oʻlaroq, u xalqaro moliya institutlari bilan yaqindan ishlagan, jahon iqtisodiyoti, bank tizimining qanday ishlashini biladi va baʼzi tajribalarni, xususan, 1990-yillar oʻrtalarida Oʻzbekistonda tadbiq qilishga uringan. Har holda, Azimov davrida Oʻzbekistondagi banklar xalqaro andozalarda boʻlmasa ham, ishlab turdi va hayotiy zarur funktsiyalarni bajardi. Albatta, almashtirib boʻlmaydigan odamlar yoʻq. Ehtimol, gʻarbda tahsil olgan, ilgʻor fikrdagi yoshlar orasidan kimlardir jalb qilinar bu sohaga. Ammo men hozircha bu kabi ishoralarni koʻrmayapman.

Image copyright Official
Image caption Mirziyoyev va Azimov Karimovning dafn marosimida yonma-yon tobutkashlik qilishgan

Saparboy Jubayev, Ostonadagi Yevrosiyo Universiteti dotsenti: Oʻzbekistonda pul-kredit siyosatini Prezident apparati va moliya tizimi rahbarlari tomonidan tayinlangan komissiya aʼzolarining taklifi boʻyicha shaxsan Prezident hal qiladi. Masalan, Markaziy bank raisi, marhum Mullajonov qandaydir taʼsir oʻtkazish imkoniga ega boʻlmagan. Mulajonov haqida bilimli va oʻta ehtiyotkor mutaxassis, degan gapni aytish mumkin edi.

Hozirda valyuta kursi boʻyicha ikkita oʻzgarish yoʻli tanlanishi mumkin. Birinchisi-faqat Prezident qabul qilgan qarorlar asosida bosqichma-bosqich, asta-sekinlik bilan amalga oshirish yoʻli. Nazarimda bu yoʻl boshlandi va zarur qarorlar qabul qilindi. Endi Xalqaro valyuta jamgʻarmasidan katta miqdorda kredit olish va rasmiy hamda bozor kurslarini bir-biriga yaqinlashtirish yoʻlidir.

Ikkinchisi-tijorat banklari faoliyatini liberallashtirish yoʻli bilan milliy valyuta kursini birdaniga erkinlashtirish. Bu yoʻl iqtisodda "shok terapiyasi" nomi bilan maʼlum. 2-3 yil korxonalar va odamlar maʼlum qiyinchiliklarni boshdan oʻtkazishadi, ammo katta islohotlar amalga oshirilishi shart. Eng asosiysi - tijoriy banklar faoliyatiga maʼmuriy aralashuvni yoʻlga qoʻymaslik zarur. Ayni paytda faqat moliya tizimi emas, balki butun iqtisodiyotda chuqur islohotlarni oʻtkazish kerak boʻladi.

Oʻzbekiston Markaziy bankining sobiq xodimi: Oʻzbekistonda bank-moliya tizimi abgor. Sohada islohotlar oʻtkazish uchun birinchi galda kadrlarni tozalash, yaʼni turli yoʻllar bilan amalga chiqqan, adashib yurganlarni boʻshatib, oʻrniga professional, halol, vatanparvar kishilarni qoʻyish kerak. Men, bank tizimida 5 yil faoliyat koʻrsatdim va muammolardan xabardorman. Markaziy bank rahbariyati orasida chetda oʻqigan, zamonaviy bank tizimidan xabardor, xorij tilini biladiganlar bor. Biroq, ular hech qanday ob-havoni oʻzgartira olmaydi. Ularning asosiy vazifalari bank tizimimizning koʻrsatkichlarini xalqaro andozalarga muvofiq holda tayyorlash va taqdim etishdan iborat xolos, yaʼni ular islohotlar qilishga qodir emaslar, ularga bunday vakolat berilmagan. Men tijorat banklarining koʻplab rahbarlarini, mutaxassislarini bevosita taniyman. Bank tizimi pora, tanish-bilishchilik, mahalliychilik asosida faoliyat yuritayotganini taʼkidlamoqchiman. Valyuta, konvertatsiya masalalarini esa yozib oʻtirishga hojat boʻlmasa kerak. Butun dunyo amaliyotida Markaziy Bank, umumiyat-la, hukumatdan mustaqil va faqat qonunchilik hokimiyatiga boʻysunuvchi organ hisoblanadi. Bizda ham Markaziy bank toʻgʻrisidagi qonunda bu tamoyil oʻz ifodasini topgan. Amalda-chi? Amalda Markaziy bank oʻtgan yillar davomida hech qachon bunday mavqeʼga ega boʻlmadi. Har yili u tomonidan eʼlon qilinadigan pul-kredit siyosati toʻgʻrisidagi yoʻnalishlar ham rasmiyatchilikdan iborat boʻldi. Joylardagi tijorat banklari toʻligʻicha mahalliy hokimiyat, prokuratura nazoratida. Markaziy bank bir qaror chiqaradi, joylardagi hokimiyat boshqacha, boshqa tomondan organlar nazorati. Pul-valyuta va bank tizimida islohotlar boshlanadimi, yoʻqmi bu, eng avvalo oliy rahbariyatning istak-xohishi va amaliy harakatiga bogʻliq. Ushbu oʻrinda Markaziy Bankka yangi raisning kim boʻlishi muhim. Hozir turli-tuman darajalarda kadrlar almashuvlari boʻlib turibdi. Men ularning baʼzilarini bilganim uchun shuni taʼkidlamoqchimanki, faqat Alixoʻja ketib Xoʻjaali qoʻyilmoqda. Yana talantli, halollarga maydon berilmayotir. Agar bu ishda ham shunday yoʻl tutilsa, yaxshilik kutish qiyin.

Ikkinchidan, Markaziy bank mustaqil organ sifatida faoliyat yuritishi kerak, u hukumatning qoʻlida dastak boʻlishi kerak emas.

Uchinchidan, erkin konvertatsiyaga yoʻl ochish, qora valyuta bozoriga barham berish uchun amaldagi yashirin mafiya strukturasini tag-tomiri bilan quritish darkor. Bu esa oliy rahbariyatdan qatʼiy harakat va jasorat koʻrsatishni talab etadi. Lekin agar haqiqatda oliy rahbariyat shunga qasd qilsa, bu ishni amalga oshira biladi, deb oʻylayman.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02