Qozoq muxolifatchisi Muxtor Ablyazov sirtdan 20 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Uch yillik qamoqdan keyin Muxtor Ablyazov 2016 yil dekabrida ozod etilgan edi Image copyright Getty Images
Image caption Uch yillik qamoqdan keyin Muxtor Ablyazov 2016 yil dekabrida ozod etilgan edi

Olma-Otadagi mahkama BTA-banki sobiq rahbari Muxtor Ablyazovni sirtdan 20 yilga ozodlikdan mahrum etish va mol-mulkini musodara qilish

toʻgʻrisida qaror chiqargan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Olma-Ota tumanlararo mahkamasi Ablyazovni jinoiy guruh tuzish va bank mablagʻlarini oʻgʻirlashda aybdor deb topgan.

Qozogʻiston muxolifatining eng koʻzga koʻringan vakili hisoblangan Muxtor Ablyazov ustidan mahkama uning oʻzining ishtirokisiz boʻlib oʻtgan.

U 2009 yili Qozogʻistonni tark etgan va shundan buyon xorijda istiqomat qiladi.

Ablyazov Qozogʻistondan chiqib ketganidan keyin BTA-banki bankrot deb eʼlon qilingan va davlat tasarrufiga oʻtkazilgan.

54 yoshli Muxtor Ablyazov 1990-yillarda Qozogʻistonda qator yuqori lavozimlarda ishlagan. Xususan, u energetika, sanoat va savdo vaziri ham boʻlgan.

2001 yil kuzida "Qozogʻiston Demokratik tanlovi" deb nomlangan muxolifat harakatiga asos solgan.

2002 yili Qozogʻiston sudi Muxtor Ablyazovni oʻz xizmat lavozimini suisteʼmol qilish, byudjet mablagʻlarini oʻgʻirlash va qonunga zid raqishda tujjorlik faoliyati bilan shugʻullanishda aybdor deb topgan, 6 yilga ozodlikdan mahrum etish va 3,6 million dollarlik jarimaga tortish haqida hukm chiqargan.

Biroq bir yildan keyin Qozogʻiston prezidentining avfiga koʻra Ablyazov qamoqdan ozod etilgan.

Ozodlikka chiqqanidan keyin Muxtor Ablyazov BTA-Bank direktorlar kengashiga rahbar etib tayinlangan, ayni vaqtda muxolifat faoliyatini ham davom ettiravergan.

U toʻrt yil davomida BTA-Bankni boshqargan.

2009 yili Qozogʻiston va Rossiya Muxtor Ablyazovni 70 milliard dollarni talon-taroj qilishda aybladi. Ukraina ham BTA-Banki boʻlimi faoliyatidan noroziligini bildirdi.

2011 yil iyulida Britaniya Muxtor Ablyazovga siyosiy boshpana berdi.

2012 yil London Yuqori Mahkamasi Ablyazovni sudga hurmat koʻrsatmagani uchun 22 oylik qamoq jazosiga hukm etdi.

Shundan keyin Ablyazov nomaʼlum tomonga qochgan.

2013 yili Frantsiyada sobiq bankir qoʻlga olindi. Uni topshirishni Qozogʻiston, Rossiya va Ukraina talab qildi.

Muxtor Ablyazovning oʻzi unga nisbatan ilgari surilgan barcha ayblovlarni rad etgan va Prezident Nursulton Nazarboyevga qarshi chiqqani hamda muxolifatni moliyaviy qoʻllab-quvvatlagani uchun taʼqib etilayotganini aytgan.

Bir necha sud jarayonlaridan keyin Ablyazovni Rossiyaga ekstraditsiya qilish haqida qaror chiqarildi, biroq soʻnggi instantsiya - Frantsiya davlat kengashi 2016 yil dekabrida ekstraditsiya qarorini bekor qildi.

Shundan soʻng Muxtor Ablyazov erkinlikka chiqdi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq