Mozambikda kal erkaklarga nima uchun hujum qilishmoqda?

Mozambikda kal erkaklar "hujum nishoniga" aylanganmi? Image copyright Getty Images
Image caption Mozambikda kal erkaklar "hujum nishoniga" aylanganmi?

Mozambik politsiyasi kal erkaklarni "ritual" yoki mutaasibona hujumlarga nishon boʻlishdan ogohlantirgan.

Oʻtgan oy ikki kal erkak oʻldirilgan.

AFP xabar agentligiga koʻra, oʻtgan oy Zambeziya viloyatida ikki sochsiz erkak oʻldirilgan.

Ulardan birining boshi tanasidan judo qilingan, ichki tana aʼzolari kesib olingan.

"Oʻtgan oy ikki erkakning oʻldirilishi ortida ikki gumonlanuvchi hibsga olindi", deb aytgan politsiya voizi.

"Ularning oʻlimi aslida anʼana va irim-sirim bilan bogʻliq... Mahalliy aholining ishonishicha, kal erkaklar badavlat boʻlishadi", deb aytgan u.

BBC muxbiri Jose Tembening Mozambikdan xabar berishicha, ayrim odamlar kal erkaklarning bosh chanogʻida oltin boʻladi, deb ishonishar ekan.

Ammo kal erkaklarning aynan shu aqida bilan oʻldirilishi avvallari misli koʻrilmagan holatdir, deydi muxbirimiz.

Gumonlanuvchi ikki yosh yigit politsiyaga aytishicha, oʻldirilgan erkaklarning tana aʼzolari Tanzaniya va Malavida yashaydigan xaridorlarining ishini oʻngidan kelishi, omadini choptirishi uchun "tabiblarning" irim-sirimida ishlatilishi kerak boʻlgan ekan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02