Mamarizo Nurmuratov - Markaziy bank raisi

Toshkentdagi Oʻzbekiston Markaziy Banki binosi

Oʻzbekiston Markaziy banki matbuot xizmati xabar tarqatishicha, 57 yoshli Mamarizo Nurmuratov Markaziy bank boshqaruvi raisi etib tayinlangan.

Janob Nurmuratov nomzodini Oʻzbekiston asosiy bankini boshqarishga Prezident Shavkat Mirziyoyev tavsiya etgan.

Prezident tavsiyasini Oʻzbekiston Senati maʼqullagan.

Shu yil 16 martidan Jizzax viloyatidan senator boʻlib saylangan Mamarizo Nurmuratov Oʻzbekiston Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi raisi lavozimini egallagan edi.

23 may kuni Markaziy bankning 67 yoshli raisi Fayzulla Mullajonov olamdan oʻtdi.

Markaziy Bank raisi Fayzulla Mullajonov vafot etdi

Fayzulla Mullajonov Markaziy bankni 1991 yildan buyon boshqarib keldi.

Mamarizo Nurmuratov uzoq yillar marhum Mullajonovning oʻrinbosari, maslahatchisi lavozimlarini egallab kelgan.

Janob Nurmuratov 2000 yildan 2004 yilgacha Oʻzbekiston Moliya vaziri boʻldi.

2003 yil mayida Toshkentda Yevropa Taraqqiyot va Tiklanish bankining yillik yigʻilishi oʻtkazilgan, oʻsha anjumanda janob Nurmuratovning Moliya vaziri sifatida jurnalistlar va fuqarolik jamiyati vakillarining savollariga javob berishiga toʻgʻri kelgan.

Xususan, jurnalistlar davlat belgilagan eng kam maoshga Oʻzbekistonda qanday yashash mumkin, degan savolni berishgan, janob Nurmuratov "shuni unutmaslik kerakki, aksar Oʻzbekiston fuqarolarining tomorqalardan qoʻshimcha daromadlari bor", deya javob qaytargandi.

Oʻzbekiston Moliya vazirining bunday javobi oʻsha paytdagi "Interkontinental" mehmonxonasida yigʻilgan xorijiy va mahalliy mehmonlarning kulgisiga sabab boʻlgani koʻpchilikning yodida.

2004 yili Mamarizo Nurmuratov Samarqand viloyatining hokimi etib tayinlandi.

Image copyright cbu.uz

Ikki yilga yetar-etmas asli Samarqandning Payariq tumanidan boʻlgan janob Nurmuratov viloyat hokimligidan chetlatilgan, nega bu lavozimdan boʻshatilganining asl sababi koʻpchilikka qorongʻu qolgan.

2006 yildan 2017 yil martigacha Markaziy banki raisining maslahatchisi boʻlgan.

Mamarizo Nurmuratov 1960 yili Samarqand viloyatida tugʻilgan.

1977 yili Toshkent Xalq xoʻjaligi institutiga oʻqishga kirib, 1982 yili Leningrad iqtisodiyot-moliya institutini tamomlagan.

1982-1985 yillarda Toshkent Xalq xoʻjaligi institutida oʻqituvchilik qilgan.

1985-1988 yillarda Moskva Moliya instituti aspiranturasida tahsil olgan. Iqtisodiyot fanlari nomzodi.

1989-1993 yillarda Toshkent xalq xoʻjaligi instituti va Moliya institutlarida dotsent boʻlib ishlagan.

1993 yildan boshlab Markaziy bank tizimida faoliyat koʻrsata boshlagan: Markaziy bankda Ilmiy tadqiqotlar markazi boshligʻi, Boshqaruv raisining oʻrinbosari, Markaziy bank raisining birinchi oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq