Rossiyadan Oʻzbekistonga 192 million dollar koʻp pul yuborilgan

AQSh dollari tutgan qoʻl Image copyright BBC UZBEK
Image caption AQSh dollari tutgan qoʻl

Rossiya Markaziy Banki maʼlumotlariga tayanilsa, bu yilning birinchi choragida 2016 yilning dastlabki 3 oyiga solishtirganda 192 million dollar koʻp pul joʻnatmalari Rossiyadan Oʻzbekistonga yuborilgan.

2016 yilning dastlabki uch oyida Oʻzbekistonga 378 million dollar joʻnatilgan.

2017 yilning yanvaridan mart oyi oxirigacha Rossiya Markaziy Banki Oʻzbekistonga 570 million AQSh dollariga teng mablagʻ joʻnatilganini qayd etgan.

Biroq hamma oʻzbekistonlik ham oʻz oilasi yoki yaqinlariga pulni banklar orqali yubormaydi: vatanga qaytayotgan tanish yoki qarindosh orqali berib yuboriladi, yigʻib-yigʻib Rossiyadan ketayotganda olib ham ketiladi.

Rasman oʻtgan yili Rossiyadan mehnat muhojirlari vataniga 2 milliard 741 million dollar joʻnatganlari qayd etilgan.

Hisob-kitoblarga koʻra, bu raqam oʻzbekistonliklar eng koʻp pul yuborgan 2013 yildagi koʻrsatkichning 60 foizi deganidir.

Image copyright Reuters

2013 dan keyin yildan-yilga pul oʻtkazmalari kamayib kelayotgani kuzatiladi.

Rossiyada ishlab oilasini boqishga qaror qilgan Oʻzbekiston fuqarolarining aniq soni hech eʼlon qilinmagan.

Chunki 2000 yillardan boshlab oʻzbekistonliklar chet mamlakatlarda daromad topish yoʻllarini izlashga majbur boʻldilar, ularning aksari vizasiz tartibi amalda boʻlgan Rossiyani tanladilar.

Rossiyada qonuniy va noqonuniy migrant boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolarining soni kamida 4-5 millionni tashkil etgani xabar qilindi.

Rossiyaning Ukrainaga nisbatan siyosati Gʻarbning Rossiyaga nisbatan sanktsiyalariga olib keldi, buning oqibatida ishlab chiqarish kamayishi, qurilishlar sustlashishi yuz berdi.

Rossiyada boʻlgan oʻzbekistonliklarning daromadlari ham kamaydi.

Oʻzbekiston fuqarolari vataniga qaytishga ham majbur boʻldilar.

Bu yildan esa Rossiyaga borayotgan oʻzbekistonliklar soni yana koʻpaygani kuzatilgan.

Oʻzbekistonning yangi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya rasmiylari bilan mehnat muhojirlarining himoyasi boʻyicha kelishuvlarga erishgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq