Nega Indoneziya o'z orollari sonini bilmaydi?

Image copyright AULIA/UNDP/INDONESIA
Image caption Ayrim orollarning kichikligi ularni sanab chiqishni qiyinlashtiradi.

Indoneziya o'zining orollari sonini ancha vaqtdan buyon aniqlolmay keladi. Shu yil avgustida BMT yig'ilishi rejalashtirilgan, o'sha yig'ilishgacha orollar sonini aniqlab olish kerak.

Qanday qilib bir mamlakat o'z jo'g'rofiy chegaralarini aniqlolmasligi mumkin?

Nomlash muammosi

BMTning dengiz qonunchiligiga doir konventsiya(UNCLOS)siga ko'ra, orol deb atrofi suv bilan o'ralgan, baland to'lqinlar ko'tarilgan paytida ham ko'rinib turadigan quruqlikka aytiladi.

Agar orolning nomi shu yaqin-atrofdagi mahalliy aholi vakillaridan kamida ikki kishiga ma'lum bo'lsa, bu nom rasman e'tirof etilishi lozim.

Dengiz xalqlari uchun adolat Koalitsiyasi deb nomlangan tashkilotdan Susan Heravatining Bi-bi-siga aytishicha, bu atrofdagi orollarning 60 foizining nomi yo'q va bu o'sha orollarni boshqa mamlakat o'ziniki qilib olishi mumkinligini anglatadi.

Misol sifatida Heravati xonim sayyohlar orasida mashhur Lombok yaqinidagi Gili orollarini tilga oladi. U erda bir kichik orolni xususiy plyaj qilib sotib olishgan.

Dunyoning eng katta arxipelagi

Indoneziya hududi 1,9 million kvadrat kilometrni egallagan. Shuning uchun ham BMT mezon va talablariga mos qilib orollarni sanab chiqish mushkullik tug'diradi.

Image copyright ASRI/UNDP INDONESIA
Image caption Bungin Belle orolida 25 oila mavsumiy istiqomat qilishadi, muntazam emas.

Misol uchun poytaxt Jakartaning shundoqqina sohili yaqinida afsonaviy Ming Orol joylashgan, poytaxt yashovchilari dam olish kunlari o'sha orollariga borishadi.

Lekin bu hududda nechta orol borligini hech kim aniq bilmaydi.

1996 yilgi qonunda dunyoning eng katta arxipelagidagi orollarning taxminiy soni 17508 ta deb yozilgan.

Indoneziyaning bu qonuniga kiritilgan qator orollari BMT mezoniga mos kelmagan.

Hukumat bu orollarning barchasini BMT bilan birgalikda ro'yxatdan o'tkazishga umid qilmoqda, bu Indoneziyaning ulkan hududi va baliqchilik resurslarini muhofaza qilishga yordamlashadi, deb ko'rilmoqda.

Har bir orolni borib ko'rish

Indonesia, island Image copyright AULIA/UNDP INDONESIA
Image caption Ayrim orollar xuddi bolalar qo'li bilan chizilgan rasmga o'xshaydi.

Dengiz ishlari va baliqchilik vazirligining hisoblab chiqish guruhining Bi-bi-si Indoneziya Xizmatiga aytishlaricha, avgust oyidagi BMT yig'ilishiga mavjud orollar ro'yxatiga yana kamida 1700 orolni qo'shishni xohlaydilar.

"Mana bu bizning ro'yxatimiz, lekin hali hisob-kitobimiz davom etayapti. Shuning uchun raqam yanada ko'payishi mumkin. Biz bu ishlarni iyul oyi oxirigacha davom ettirmoqchimiz", deydi Dengiz ishlari va baliqchilik vazirligi hisoblab chiqish guruhidan Balok Budiyanto.

"Biz har bir orolni borib ko'rishimiz, orolning koordinatalarini, nomini, nomining ma'nosini, quruqlikning tarixini qayd etishimiz lozim. Orolning landshafti va jo'g'rofiy tarixini tar'riflab berishimiz talab qilinadi. Biz ana shu barcha tafsilotlarni to'plashimiz, so'ng markaziy idoramizga taqdim etishimiz lozim", deydi Balok Budiyanto.

Aniq ma'lumotga ega bo'lib turish

Atrof-muhit faollari ogohlantirishlaricha, agar iqlim o'zgarishi bois dengiz sathi ko'tarilishda davom etaversa, Indoneziya o'zining minglab orolidan ayrilib qolishi mumkin.

Image copyright UNDP INDONESIA
Image caption Ayrim orollarning go'zalligini ta'riflashga til ojiz

Orollar haqidagi ma'lumotni muntazam yangilab turish - nihoyasiga etmaydigan ishdir. Chunki janob Balokning aytishicha, hisob-kitob guruhi doim yangi orolni topib olaveradilar. Yangi orol "zilzilalar va vulqon otilishlari" natijasida yuzaga keladi.

2002 yili Indoneziya ikki orolini yo'qotdi. Bu orollarini Malayziyaga berishiga to'g'ri keldi. Territoriyaga oid bahsda Xalqaro Adliya Mahkamasi ikki orolni Malayziyaga berishi lozimligi haqida qaror chiqardi. Sharqiy Timor o'z mustaqilligini e'lon qilganidan keyin ham ikki orolidan ayrildi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq