Nega Indoneziya oʻz orollari sonini bilmaydi?

Image copyright AULIA/UNDP/INDONESIA
Image caption Ayrim orollarning kichikligi ularni sanab chiqishni qiyinlashtiradi

Indoneziya oʻzining orollari sonini ancha vaqtdan buyon aniqlolmay keladi. Shu yil avgustida BMT yigʻilishi rejalashtirilgan, oʻsha yigʻilishgacha orollar sonini aniqlab olish kerak.

Qanday qilib bir mamlakat oʻz joʻgʻrofiy chegaralarini aniqlolmasligi mumkin?

Nomlash muammosi

BMTning dengiz qonunchiligiga doir konventsiya(UNCLOS)siga koʻra, orol deb atrofi suv bilan oʻralgan, baland toʻlqinlar koʻtarilgan paytida ham koʻrinib turadigan quruqlikka aytiladi.

Agar orolning nomi shu yaqin-atrofdagi mahalliy aholi vakillaridan kamida ikki kishiga maʼlum boʻlsa, bu nom rasman eʼtirof etilishi lozim.

Dengiz xalqlari uchun adolat Koalitsiyasi deb nomlangan tashkilotdan Susan Heravatining BBCga aytishicha, bu atrofdagi orollarning 60 foizining nomi yoʻq va bu oʻsha orollarni boshqa mamlakat oʻziniki qilib olishi mumkinligini anglatadi.

Misol sifatida Heravati xonim sayyohlar orasida mashhur Lombok yaqinidagi Gili orollarini tilga oladi. U yerda bir kichik orolni xususiy plyaj qilib sotib olishgan.

Dunyoning eng katta arxipelagi

Indoneziya hududi 1,9 million kvadrat kilometrni egallagan. Shuning uchun ham BMT mezon va talablariga mos qilib orollarni sanab chiqish mushkullik tugʻdiradi.

Image copyright ASRI/UNDP INDONESIA
Image caption Bungin Belle orolida 25 oila mavsumiy istiqomat qilishadi, muntazam emas

Misol uchun poytaxt Jakartaning shundoqqina sohili yaqinida afsonaviy Ming Orol joylashgan, poytaxt yashovchilari dam olish kunlari oʻsha orollariga borishadi.

Lekin bu hududda nechta orol borligini hech kim aniq bilmaydi.

1996 yilgi qonunda dunyoning eng katta arxipelagidagi orollarning taxminiy soni 17508 ta deb yozilgan.

Indoneziyaning bu qonuniga kiritilgan qator orollari BMT mezoniga mos kelmagan.

Hukumat bu orollarning barchasini BMT bilan birgalikda roʻyxatdan oʻtkazishga umid qilmoqda, bu Indoneziyaning ulkan hududi va baliqchilik resurslarini muhofaza qilishga yordamlashadi, deb koʻrilmoqda.

Har bir orolni borib koʻrish

Indonesia, island Image copyright AULIA/UNDP INDONESIA
Image caption Ayrim orollar xuddi bolalar qoʻli bilan chizilgan rasmga oʻxshaydi

Dengiz ishlari va baliqchilik vazirligining hisoblab chiqish guruhining BBC Indoneziya Xizmatiga aytishlaricha, avgust oyidagi BMT yigʻilishiga mavjud orollar roʻyxatiga yana kamida 1700 orolni qoʻshishni xohlaydilar.

"Mana bu bizning roʻyxatimiz, lekin hali hisob-kitobimiz davom etayapti. Shuning uchun raqam yanada koʻpayishi mumkin. Biz bu ishlarni iyulь oyi oxirigacha davom ettirmoqchimiz", deydi Dengiz ishlari va baliqchilik vazirligi hisoblab chiqish guruhidan Balok Budiyanto.

"Biz har bir orolni borib koʻrishimiz, orolning koordinatalarini, nomini, nomining maʼnosini, quruqlikning tarixini qayd etishimiz lozim. Orolning landshafti va joʻgʻrofiy tarixini tarʼriflab berishimiz talab qilinadi. Biz ana shu barcha tafsilotlarni toʻplashimiz, soʻng markaziy idoramizga taqdim etishimiz lozim", deydi Balok Budiyanto.

Aniq maʼlumotga ega boʻlib turish

Atrof-muhit faollari ogohlantirishlaricha, agar iqlim oʻzgarishi bois dengiz sathi koʻtarilishda davom etaversa, Indoneziya oʻzining minglab orolidan ayrilib qolishi mumkin.

Image copyright UNDP INDONESIA
Image caption Ayrim orollarning goʻzalligini taʼriflashga til ojiz

Orollar haqidagi maʼlumotni muntazam yangilab turish - nihoyasiga yetmaydigan ishdir. Chunki janob Balokning aytishicha, hisob-kitob guruhi doim yangi orolni topib olaveradilar. Yangi orol "zilzilalar va vulqon otilishlari" natijasida yuzaga keladi.

2002 yili Indoneziya ikki orolini yoʻqotdi. Bu orollarini Malayziyaga berishiga toʻgʻri keldi. Territoriyaga oid bahsda Xalqaro Adliya Mahkamasi ikki orolni Malayziyaga berishi lozimligi haqida qaror chiqardi. Sharqiy Timor oʻz mustaqilligini eʼlon qilganidan keyin ham ikki orolidan ayrildi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq