Rossiyada "bomj"ga aylangan oʻzbeklarga kim yordam beradi?

Image copyright Rahmonov/Hamroqulov
Image caption Toʻychi Safarovning kechagi va bugungi koʻrinishi

Qashqadaryoning Nishon tumanidan boʻlgan Toʻychi Safarovning Rossiyada omadi chopmadi. Oyogʻi kuyib qolishi ortidan u ishsiz, soʻngra uysiz qoldi.

Ishga yaroqsiz boʻlib qolishi bilan yolgʻiz qolgan muhojir soʻngra Peterburg koʻchalardagi mahalliy daydilarga qoʻshilib, ular qatori ichkilikka berildi.

Videolavhamizni tomosha qilish uchun mana bu yerga bosing.

Oʻtgan hafta uning ayanchli ahvolini koʻrib qolgan bir guruh oʻzbekistonlik yoshlar unga yordam berishga bel bogʻladilar.

Surxondaryolik Rustam Rahmonov va oʻshlik Mirolim Hamroqulovlar Sankt-Peterburgda taʼlim oladilar va baʼzida qurilishda ishlaydilar.

Boʻsh vaqtlarida YouTube portalida blog yuritadigan bu ikki yosh BBCga koʻchada qolgan Toʻychi akaning holiga befarq qarab tura olmaganlarini aytishdi.

"U kishini yuvib tozalab ust-boshlarini yangiladik, ukollar olayaptilar", - deydi Rustam.

"Elchixonada beriladigan vatanga qaytish sertifikatini olib uylariga joʻnatamiz".

Rossiyada pul topayotgan millionlab oʻzbekistonliklar ichida turli sabablarga koʻra ishsiz va uysiz qolgan, daydilar orasiga qoʻshilib ichkilikbozlikka berilgan migrantlar odatda ortga qaytishga chora topa olmaydilar.

Image caption Hasan Turdiyev

Taqdirga tan bergan omadsiz muhojirlar oʻzlarini boshi berk koʻchaga kirib qolgandek sezadilar.

Oʻtgan yilning aprel oyida andijonlik Hasan Turdiyev Krasnodarda ogʻir ahvolda ekanligi maʼlum boʻlgandi.

45 yoshli migrant nogiron holida koʻchada topilib shahar daydilarni saqlash markaziga keltirilgan.

Markazdagi hamshira oʻzbekistonlik Turdiyevning ogʻir ahvoli toʻgʻrisida uning surati bilan birga ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon bergan.

Moskvadagi koʻngillilar va Migratsiya boʻyicha xalqaro tashkilot koʻmagida Hasan Turdiyev Andijonga qaytarilgandi.

Image caption Ahmadali Umarov

Toʻraqoʻrgʻonlik Ahmadali Umarov ham ijtimoiy tarmoqlardagi eʼlon orqali oʻz oilasi bagʻriga qaytgan.

Moskva shahrining Rechnoy vokzal metro bekati atrofida tilanchilik qilib yurgan oʻzbek haqidagi suratli eʼlonni asli navoiylik Valentina Yeletskaya internetga joylagandi.

38 yoshli Ahmadali Umarovning aytishicha, Moskvadagi qurilishlarning birida ishlab ish haqini ololmay, pulsiz va boshpanasiz qolgan. Qishda isinish uchun daydilar joylashgan yertoʻladan tunashga joy soʻrab kirgan va shu tariqa daydilar safiga qoʻshilib ketgan.

Moskvadagi oʻzbekistonliklar yordamida Ahmadali uch oy davomida davolandi. Migratsiya boʻyicha xalqaro tashkilot nihoyat oʻzbekistonlik Ahmadali Umarovni vatanga qaytishiga koʻmaklashdi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02