Britaniya saylovida Konservatorlar kutilgan natijaga erishmadi

Tereza Mey Image copyright Reuters
Image caption Tereza Mey isteʼfoga chiqmasligini bildirgan

Britaniyadagi parlament saylovida Konservatorlar partiyasi gʻalaba qozonmoqda, biroq ular mutloq koʻpchilik ovozni ololmagan. Muvafaqqiyasizlikka qaramasdan Bosh vazir Tereza Mey isteʼfoga chiqmasligini maʼlum qilgan. Kuzatuvchilar Britaniyada "muallaq parlament" holati yuzaga kelganini aytishmoqda.

Parlamentdagi mutloq koʻpchilikni tashkil qilish uchun Konservatorlar kamida 326 ta oʻrinni olishi kerak edi. Biroq 650 oʻrindan 648 tasida hisoblab chiqilgan ovozlar ularning 317 ta oʻringa ega boʻlayotganini koʻrsatgan. Yakunda Konservatorlar koʻpi bilan 319 oʻrinni qoʻlga kiritishi mumkin.

Konservatorlarning taʼqibchisi Jeremi Korbin boshchiligidagi Leyboristlar partiyasi 261 oʻrinni egalik qilgan.

Konservatorlarning parlamentda hukumat tuzishi qiyin kechishi va boshqa partiyalar bilan kelishuvlar olib bormasa, bu ishni amalga oshira olmasligi mumkinligi aytilmoqda.

BBCga maʼlum boʻlishicha, amaldagi Bosh vazir Tereza Mey muvaffaqqiyatsizlikka qaramasdan oʻrnini boʻshatmaydi va hukumatni shakllantirishga harakat qiladi.

Muxolifatdagi Leyboristlar yetakchisi Jeremi Korbin ham "xalqqa xizmat qilishga tayyorligini" bildirgan.

Interaktiv xarita

Please enable Javascript to view our results map

Shartli belgilar: Con - Konservatorlar; Lab - Leyboristlar; LD - Liberal-demokratlar; SNP - Shotlandiya Milliy partiyasi; PC - Playd Kamri; Ind - Mustaqil nomzod; DUP - Demokratik ittifoqchilar; SDLP - Sotsial-demokratlar; UUP - Olster yunionistlari; SF - Shinn Feyn; Green - Yashillar


Kuzatuvchilar Britaniya parlamentida yuzaga kelgan holatni "muallaq parlament" deya baholashmoqda. Ularga koʻra, ushbu saylovlarda oʻz pozitsiyasini kuchaytirib olishni maqsad qilgan Tereza Mey muvaffaqqiyatsizlikka uchragan va uni isteʼfo berishga chaqiriqlar yangramoqda.

Konservatorlar parlamentda koʻpchilikni tashkil qilayotgan boʻlsa-da, Yevropa Ittifoqidan chiqish qarorlari olishda va boshqa muhim qarorlarni qabul qilishda boshqa partiyalarning koʻmagiga muhtoj boʻlishi aytilmoqda.

Kuzatuvchilarga koʻra, hukumatni shakllantirishda boshqa partiyalar bilan murosa qilolmasa uni shakllantirish Leyboristlarga topshirilishi mumkin.

Parlamentning muallaq qolishi 2010 yilda oʻtgan saylovlarda ham sodir boʻlgan.

Oʻshanda mutloq koʻpchilik ovoz ololmagan konservatorlar Liberal demokratlar partiyasi bilan koalitsiya tuzib hukumatni shakllantirgan edi.

Biroq bu safar Liberal demokratlar saylov arafasida Konservatorlar bilan koalitsiya tuzmasligini maʼlum qilgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq