Saudiy futbolchilar nega sukut saqlashdan bosh tortdi?

Saudiy jamoasi FIFAga qurbonlarga bu tarzda hurmat bajo keltirish "saudiy madaniyatiga zid" ekanini aytishgan Image copyright Reuters
Image caption Saudiy jamoasi FIFAga qurbonlarga bu tarzda hurmat bajo keltirish "saudiy madaniyatiga zid" ekanini aytishgan

Saudiya Arabistoni futboli rahbariyati oʻz milliy jamoasi Londondagi hujum qurbonlari xotirasiga bir daqiqa sukut saqlashdan bosh tortgani uchun kechirim soʻradi.

Payshanba kuni oʻtgan Jahon chempionati saralash oʻyinida Avstraliya jamoasiga qarshi Adelaid Oval stadionida maydonga tushgan oʻyinchilar marhumlar xotirasi uchun bir daqiqa toʻxtashga rozi boʻlishmadi.

Avstraliya futbolchilari qatorga tizilib, yelkama-elka turdilar.

Saudiy raqiblari esa maydondagi mavqelariga turib, mashq qilishda davom etishdi.

Saudiy jamoasi FIFAga qurbonlarga bu tarzda hurmat bajo keltirish "saudiy madaniyatiga zid" ekanini aytishgan.

Mazkur holat futbol olami va Gʻarbda katta norozilikka sabab boʻlgan boʻlsa-da, FIFA saudiy jamoasiga qarshi jazo koʻrilmasligini bildirdi.

Image copyright Getty Images
Image caption Bir daqiqa sukut saqlash masalasi yillarki musulmon ulamolar uchun bahsli mavzu boʻlib kelgan

Shanba kuni uch kishi Londondagi London Bridj koʻprigida yoʻlovchilarni furgon bilan urib, soʻngra restoran va barlardagi odamlarni pichoqlashi oqibatida sakkiz kishi halok boʻlgan.

Ikki avstraliyalik ayol - Kersti Boden va Sara Zelenak terror hujumida halok boʻlganlar orasidalar.

Avstraliya futbol rahbariyati aytishicha, saudiylar sukut saqlashda qatnashmasliklari, ammo bu anʼanaga xalaqit bermaslik uchun maydonning oʻz tomonida qolishlarini aytishgan.

Sukut saqlash vaqti faqat 7 raqam ostida toʻp suruvchi Salmon Al Faraj jim turgan.

Yana ikki oʻyinchi qoʻllarini orqaga qovushtirib turganlarini koʻrinadi.

Juma kuni Saudiya Arabistoni futbol federatsiyasi oʻz oʻyinchilari hujum qurbonlari yaqinlariga hurmatsizlik koʻrsatishni xohlamaganlarini aytib, kechirim soʻradi.

Bir daqiqa sukut saqlash masalasi yillarki musulmon ulamolar uchun bahsli mavzu boʻlib kelgan.

Koʻp moʻʼtadil ulamolar unga qarshilik qilishmaydi, ammo salafiy ulamolar bunga Islom yoʻl qoʻymasligini aytadilar.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02