Tramp Komini Kongressga yolgʻon gapirishda aybladi

Komi ishdan olinishidan avval Rossiya boʻyicha ochilgan qator tergovlarga boshchilik qilayotgandi Image copyright Reuters
Image caption Komi ishdan olinishidan avval Rossiya boʻyicha ochilgan qator tergovlarga boshchilik qilayotgandi

AQSh Prezidenti Donald Tramp oʻzi ishdan boʻshatgan Federal Qidiruv Byurosi (FQB) rahbari Jeyms Komini yolgʻonchilikda aybladi. Komi payshanba kuni Kongress qoʻmitasi oldida koʻrsatma bergandi.

"Shuncha notoʻgʻri bayonotlar va yolgʻonlar, mutlaq oqlanishimga qaramay... VAU, Komi chaqimchi ham ekan!" deya twit yozdi prezident juma tongida.

Kongressda chiqish qilgan Komi prezident Tramp uni boʻshatish bilan Rossiya va Tramp saylov kampaniyasi oʻrtasidagi aloqalar boʻyicha ochilgan tergovga taʼsir qilishni istaganini aytgan.

Komi ishdan olinishidan avval Rossiya boʻyicha ochilgan qator tergovlarga boshchilik qilayotgandi.

Komi Senat xavfsizlik qoʻmitasi qarshisida chiqa turib Tramp unga sobiq xavfsizlik maslahatchisi Maykl Flinn ustidan ochilgan tergovni bekor qilish yoʻlida bosim oʻtkazganini aytdi.

Komi, shuningdek, Prezident Tramp FQB "yomon boshqarilgan"ini ayta turib unga tuhmat qilganini daʼvo qildi.

U prezident yolgʻon gapirishidan xavfsirab u bilan oʻtgan barcha uchrashuvlari tafsilotini qogʻozga tushirib borganini bildirdi.

U soʻngra bu yozuvlarini oʻz doʻsti orqali matbuotga sizdirganini tan oldi.

Rossiya va oʻz kampaniyasi oʻrtasida aloqalar boʻlgani haqidagi iddaolarini Tramp "soxta xabarlar" deya pisand qilmagan.

Kongressdagi uchrashuv ortidan Trampning advokati Komining koʻplab iddaolarini rad etib chiqdi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02