Navalniy Moskva namoyishi oldidan "qoʻlga olindi"

Image copyright @navalny/twitter
Image caption Twitterda yozgan Yuliya Navalnaya oʻz erining podʼezd eshigida qoʻlga olingani, ammo rejalar oʻzgarmaganini bildirdi.

Rossiya muxolifat rahbari Aleksey Navalniy Moskvada ruxsatsiz norozilik namoyishini oʻtkazishga shaylanayotganida qoʻlga olindi. Uning rafiqasiga koʻra, Navalniy oʻz uyi tashqarisida ushlandi.

Twitterda yozgan Yuliya Navalnaya oʻz erining podʼezd eshigida qoʻlga olingani, ammo rejalar oʻzgarmaganini bildirdi.

Avvalroq Navalniy oʻz tarafdorlarini Rossiya boʻylab korruptsiyaga qarshi namoyishlarga chiqishga undagan.

Rossiya sharqidagi namoyishlarda allaqachon bir necha kishi hibsga olinganlar.

Vladivostokdagi namoyishda kamida 10 kishi hibsga olingan, Blagoveshchenskda toʻrt, Qozonda esa kamida 1 kishi ushlangan.

Navalniyning oʻzi bugun Moskva markazidagi namoyishda qatnashishi kutilgandi. Avvalroq unga Saxarov hiyobonida namoyish oʻtkazish ruxsat berilgan, ammo bir kun oldin u manzilni Kreml yaqinidagi Tverskaya koʻchasiga belgiladi.

Mamlakat boʻylab 169ta joyda namoyish oʻtkazishga ruxsat berilgan va ularning baʼzilari Navalьniyning YouTube kanalida jonli namoyish etiladi.

Namoyishlarning eng yirigi Moskva va Sankt-Peterburgda oʻtishi kutilmoqda.

Muxolifatning bu chiqishlari Rossiya boʻylab bayram qilinadigan "Rossiya kuni"ga toʻgʻri kelmoqda.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02