Oʻzbek Internet jurnalistikasi: buloq koʻz ochdi(mi?)

Oʻzbekiston Internet nashrlari Image copyright BBC UZBEK

Oxirgi yetti-sakkiz oy ichida Oʻzbek internet jurnalistikasida oʻzgarishlar koʻzga tashlanmoqda: tanqidiy ruhdagi maqolalar eʼlon qilinyapti, avvallari tilga olinmagan muammoli mavzular koʻtarib chiqilmoqda. Xoʻsh, Oʻzbekistonda internet jurnalistikasi yangi rivojlanish pallasiga odim otdi, deya olamizmi? U yaqin yillarda sifat jihatidan yuksala oladimi? Erkinlik manbaiga va yangiliklar tezkor yoritiladigan ishonchli vositaga aylanadimi?..

Oʻtgan asrning 60-yillarida kanadalik olim Marshall MakLuhan tilga olgan "global qishloq"da, mana, bugun bizlar yashamoqdamiz: axborot-kommunikatsiya texnologiyalari shunchalik rivojlandiki, dunyoning istalgan nuqtasi bilan bemalol bogʻlana olamiz va boshqa mamlakatlarda yuz berayotgan voqea-hodisalar haqida tezkorlik bilan xabar topamiz. Bu jarayonda, shubhasiz, internetning oʻrni beqiyosdir. Dunyoning koʻpgina mamlakatlarida internet juda qisqa vaqt ichida anʼanaviy ommaviy axborot vositalariga munosib raqobatchiga va soʻz erkinligi nuqtai nazaridan qulay minbarga aylandi.

Oʻzbekiston aholisi internetdan foydalanishni 1990-yillarning oxirida boshladi. Ammo mamlakatda internet jurnalistikaning rivojlanish jarayoni juda sust kechmoqda. Bugungi kunda qariyb 400 web-sayt Matbuot va axborot agentligida ommaviy axborot vositasi sifatida roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa-da, oʻzbek tilida faoliyat yuritadigan, kattaroq auditoriyaga ega nashrlar soni barmoq bilan sanarli darajada oz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan keyin Oʻzbekistondagi internet jurnalistikasi nisbatan erkin nafas ola boshlagandek. Nashrlarda oldinlari deyarli kuzatilmagan holat - dadilroq tanqidiy maqolalar, muammoli mavzular koʻzga tashlana boshladi. Masalan, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi Janubiy Koreyada ishlashni istovchilar uchun joriy yilning aprelida oʻtkazgan test sinovlari ijtimoiy tarmoqlar va internet nashrlarida keskin tanqidga uchradi. Pirovardida agentlik rahbari ishdan olindi. Yaqinda Toshkentdagi tibbiyot kolleji tabalasi boʻlgan Jasurbek Ibragimovning oʻlimi bilan bogʻliq tergov harakatlarini respublika Bosh prokurori shaxsan nazoratiga olishiga ijtimoiy tarmoqlar va internet nashrlardagi keng muhokamalar ham sabab boʻldi. Biroq bular juzʼiy, kam sonli holatlar, xolos. Oʻzbek internet jurnalistikasi chin maʼnoda rivojlana olishi, jamiyatda oʻz oʻrniga ega boʻlishi uchun bir qator muammolarni yengib oʻtishiga toʻgʻri keladi.

Oʻzbek internet nashrlarini qiynaydigan eng katta muammolardan biri moddiy-texnik imkoniyatlarining haddan tashqari cheklanganidir. Ayrim muassislar hatto bir-ikki jurnalist bilan internet nashr faoliyatini yurgizmoqchi boʻladi. Bir internet nashr daromad keltira boshlashi uchun yillab kutishga toʻgʻri kelishi mumkin, bunga esa har qanday tahririyatning dosh bera olishi mushkul. Moliyaviy muammolar oʻz-oʻzidan malakali mutaxassislar, professionallarni yollashga toʻsqinlik qiladi, oqibatda nashr saviyasi hamin qadar darajada qolib ketadi.

Dunyo yangiliklarini shitob bilan yoritadigan (toʻgʻrirogʻi, shunchaki tarjima qiladigan) oʻzbek internet nashrlari mahalliy yangiliklarga kelganda oqsab qolmoqda. Ular Oʻzbekistonning barcha mintaqasiga muxbir yoʻllash imkoniyatiga ega emas, albatta. Mamlakatda nashrlarni yangiliklar bilan taʼminlaydigan axborot agentliklari esa mutlaqo rivojlanmagan. Aytaylik, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi - OʻzAning oʻta rasmiy ohangdagi xabarlari katta auditoriyani qiziqtirishi dargumon(buni agentlik saytining Milliy qidiruv tizimidagi reytingi ham koʻrsatib turibdi). "Turkiston-press" axborot agentligining esa bor-yoʻqligi ham bilinmaydi. Qolaversa, rasmiy organlar matbuot xizmatlari va nashrlar oʻrtasida hamkorlik deyarli yoʻq. Juda kam sonli davlat organlarining matbuot xizmatlari faol ishlaydi, baʼzilari onda-sonda saytida yuzaki, gohida oʻta savodsizlarcha yozilgan press-relizlarni eʼlon qilish bilan kifoyalanadi. Koʻpincha internet nashrlari rasmiy organlardan maʼlumot olish qiyinligidan shikoyat qiladi.

Image copyright Www.uz

Oʻzbek internet nashrlari dunyo yangiliklarini asosan Rossiya nashrlaridan tarjima qiladi, shuning uchun baʼzida oʻzlari bilib-bilmay biror xalqaro voqea boʻyicha Rossiya nuqtai-nazarini yetkazishga, mazkur mamlakatning manfaatlarini yoyishga xizmat qilmoqda. Bu esa oʻzbekistonlik oʻquvchilarning Rossiya ommaviy axborot vositalariga tobeligini orttirish bilan birga mafkuraviy tahdidni ham paydo qiladi. Oʻzbek nashrlariga bu borada "Jahon" axborot agentligi yordam berishi mumkin edi, ammo mazkur agentlik xorij mamlakatlarida yuz berayotgan voqea-hodisalarni yoritmaydi. Dunyo yangiliklarini yoritishda Oʻzbekistonning nafaqat internet nashrlari, balki barcha ommaviy axborot vositalari xorij - asosan Rossiya ommaviy axborot vositalariga qaram boʻlib qolgan. Hatto baʼzida Oʻzbekistonga oid yangiliklarni rus saytlaridan tarjima qilish yoki Rossiyaning "Sputnik-Oʻzbekiston" saytidan koʻchirib bosish holatlari ham uchraydi. Internet nashrlari xorij voqealarini yoritishda baʼzan notoʻgʻri maʼlumotlarni ham tarqatadi, chunki tahririyatlarda aqalli dunyoning muayyan mintaqasi boʻyicha ixtisoslashgan mutaxassis-jurnalistlar yoʻq, demakki, bu nashrlardan xalqaro sharhlarni kutish befoyda.

Eng muhimi - internet nashrlarning erkin faoliyat yuritishiga daxl qilmaslik. Maʼlumki, jurnalistika erkinlik bor joydagina rivojlanadi. Nashrlarga bosim oʻtkazishga urinish ular faoliyatiga toʻsqinlik qilish demakdir. Oʻzbek internet jurnalistikasi endigina atak-chechak qilmoqda. Maʼmuriy yoʻllar orqali tazyiq koʻrsatishga harakat qilish, tanqidiy ruhdagi maqolalarni oʻchirib tashlashni talab etib doʻq urish, sudga berish bilan qoʻrqitish endigina qadam tashlashni oʻrganayotgan internet nashrlarni oyogʻidan chalish, soʻz erkinligini boʻgʻish deganidir. Shundoq ham oʻz yogʻida oʻzi qovurilayotgan, moliyaviy muammolar bilan kurashayotgan internet nashrlar uchun maʼmuriy bosimlar mutlaqo ortiqchalik qiladi.

Abror Masharipov, tadqiqotchi

Bu mavzuda batafsilroq