Eron-Oʻzbekiston: Hal qiluvchi oʻyinda roʻza pand berishi mumkinmi?

Oʻzbekiston futbolchilari Image copyright Getty Images

Bu ikki milliy terma jamoa oʻrtasidagi Osiyo mintaqasidan 2018 yilgi jahon chempionati yakuniy bosqich saralash bellashuvlarining 8-tur uchrashuvi musulmonlar uchun muqaddas Ramazon oyiga toʻgʻri kelmoqda.

Videolavhamizda - nazardan qochirmang.

Bu oyda yoshi, sogʻligʻi va imkoniyati koʻtargan barcha musulmonlarning sahardan shomgacha roʻza tutishlari taqozo etiladi.

Ayniqsa, Islomiy Respublika ekani bois, Eronda bu masalaga rasman va qonuniy nuqtai nazardan qaraladi.

Ustiga ustak, bu yil Ramazon har ikki davlat uchun ham yozning jazirama issiq kunlariga toʻgʻri kelgan.

Xabarlarga koʻra, Eron milliy terma jamoasi bu oʻyinga "yopiq eshiklar" ortida hozirlik koʻrgan.

Xuddi shu bois ham, oʻyinchilaridan qanchasining roʻza tutgan-tutmagani masalasi jurnalistlar uchun noayon qolgan.

Ammo, ayrim xabarlardan maʼlum boʻlishicha, shu paytgacha Ramazon va roʻza mavzusi futbolchi va murabbiy oʻrtasida individual tarzda hal qilib kelingan.

"Men, masalan, klublarda ishlagan paytlarimda, baʼzi bir oʻyinchilarning roʻza tutganliklarini koʻrganman. Lekin bu klub miqyosida, mahalliy darajada, murabbiylar ham ularga qarshilik qilishmagan".

"Men bu narsaning ichiga kirmaganman terma jamoada. Lekin, mening nazarimda, birinchi navbatda, hozir Vatan manfaati ustun turadi", - deydi Toshkentdan yetakchi sport sharhlovchisi Abror Imomxoʻjayev.

Tehrondagi gʻalaba Oʻzbekistonning oʻz tarixida ilk bor jahon chempionatiga chiqish imkoniyatini saqlab qoladi.

Yutgan taqdirda, Eron muddatidan ilgari va qitʼadan 2018 yilgi jahon chempionatiga chiqqan birinchi jamoa boʻladi.

"Shu bois, Eronning roʻza tutib, jismoniy jihatdan oqsab qolishi, degan masala birinchi oʻringa chiqmaydi, menimcha...", - deydi suhbatdoshimiz.

"Shuning uchun ham, Oʻzbekiston bu bahsga judayam va hamma tomonlama tayyorgarlik koʻrayapti".

Ikki raqib milliy terma jamoa oʻrtasidagi Tehrondagi uchrashuv bugun Toshkent vaqti bilan kech soat 21:45 da boshlanadi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02