Dinshunoslik fani qachon tiklanishi nomaʼlum

Oʻzbekiston maktabidagi sinfxona

Oʻzbekiston Xalq maorifi vazirligi rasmiylarining aytishicha, dinshunoslik fanini maktab, kollej va litseylarning 2017-18 yilgi oʻquv dasturiga kiritilishi haqida gapirish erta.

Bundan oldin Oʻzbekiston maktablarida dinshunoslik fanini kiritishga doir ishlar olib borilayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Xalqaro Press-klubda oliy va xalq taʼlimi vazirligi rahbarlari ishtirokida boʻlib oʻtgan muloqotda kun.uz xususiy web-sayti muxbiri oʻquv muassasalarida maʼrifiy Islom va dinshunoslikni oʻqitish borasida nima ishlar qilinayotgani haqida soʻragan.

Xalq taʼlimi vazirligi rahbarlari maʼrifiy Islomga oid oʻquv adabiyotlari va dasturlari koʻrib chiqilayotganini, bu jarayon nihoyasiga yetganidan keyin dinshunoslik fani oʻquv dasturlariga kiritilishini aytganlar.

Vazirlikdan BBCga aniqlik kiritishlaricha, "Yangi dasturlar va oʻquv adabiyotlarini joriy etishni nazorat qilish bosh boshqarmasi" mutaxassislari bu borada ish olib bormoqdalar va "dinshunoslik fanini maktablarda 2017-18 yilgi oʻquv dasturidan oʻqitish boshlanadi, deyishga hali erta".

"Dinshunoslik fanining oʻquv dasturlariga kiritilishi bugungi kunda baʼzi yoshlarning din toʻgʻrisidagi bilimlarining sayozligi natijasida terrorchi oqimlarga qoʻshilib qolishidek muammolarni bartaraf etishda katta ahamiyat kasb etadi", deb yozadi kun.uz

Oʻtgan hafta Ostona shahrida Shanxay Hamkorlik tashkilotining sammitidagi nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlarni mutaassib diniy guruhlar taʼsiridan saqlash muhimligi haqida gapirdi.

"Bugungi kunda xalqaro terroristik guruhlar va vayronkor kuchlar oʻz faoliyatida axborot texnologiyalaridan yanada faol qoʻllagan holda yoshlarimiz ongini zaharlash va zoʻravonlik gʻoyalarini tarqatishda ulardan foydalanmoqda", - degan Prezident Mirziyoyev.

"Barchamizni doimo yaxshilik, tinchlik va bagʻrikenglikka chaqirgan va daʼvat etuvchi Islom dinining asl maʼrifiy qadriyatlarini keng miqyosda tushuntirishda hamkorlik qilish muhim deb hisoblaymiz", degan Oʻzbekiston rahbari.

Prezident Mirziyoyev Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro tadqiqot markazi tashkil etilganini eslatgan.

Aksar tahlilchilar Oʻzbekiston oʻrta taʼlim muassasalarining oʻquv dasturidan "Dinshunoslik" fani olib tashlangani xato boʻlganini eʼtirof etadilar.

Mamlakat mustaqilligining dastlabki yillarida maktablarning yuqori sinf oʻquvchilari "Dinshunoslik"ni oʻrganishgan, ammo bu fan ham dahriy Shoʻrolar Ittifoqi qulashi arafasida yangi joriy etilgan, bilimdon mutaxassislar kam, shuning uchun ham "Ateizm" fani oʻqituvchilaridan darslarni oʻtish iltimos qilingan yillar edi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq