Mirziyoyev Samarqand viloyati hokimini ishdan oldi

Prezident Mirziyoyev oʻtgan shanba kuni Samarqand viloyatiga tashrif buyurib, xususan viloyat fermerlari bilan uchrashgandi
Image caption Prezident Mirziyoyev oʻtgan shanba kuni Samarqand viloyatiga tashrif buyurib, xususan viloyat fermerlari bilan uchrashgandi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati hokimi Himmat Oqboʻtayevni lavozimda olti oy xizmat qilar-qilmas ishdan chetlatdi.

Bu haqida kun.uz sayti oʻz manbalariga tayanib xabar tarqatdi, ammo BBC hokimlik bilan bogʻlanganida bu xabarni na tasdiqlashdi yo na inkon etishdi.

Aytilishicha, hokim prezident raisligida oʻtgan videoselektor yigʻilishi vaqtida ishdan boʻshatilgan.

Kun.uz manbasi maʼlumotiga koʻra, Prezident Mirziyoyev yigʻilish vaqtida "Samarqand viloyatida qator sohalarda, jumladan, moliya va soliq tizimidagi kamchiliklarni keltirib oʻtgan".

Prezident Mirziyoyev oʻtgan shanba kuni Samarqand viloyatiga tashrif buyurib, xususan viloyat fermerlari bilan uchrashgandi.

U uchrashuv chogʻida fermerlarning paxta yetishtirib daromad koʻrmayotganligini eʼtirof etgan va uni azobga tenglashtirgan.

Mirziyoyev prezidentlik kursisiga oʻtirganidan beri viloyat va tuman hokimlarini tez-tez oʻzgartirmoqda. Ammo, kuzatuvchilarga koʻra, yangi hokimlar yangi dunyoqarash yoki siyosiy fikrlashga ega boʻlgan yosh kadrlar emas, balki amaldagi mulozimlardir.

Himmat Oqboʻtayev oʻtgan yilning 23 dekabrь kuni Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Samarqand viloyati hokimi etib saylangandi.

1962 yilda tugʻilgan Oqboʻtayev 10 yil davomida Samarqand viloyati Urgut tumani hokimi boʻlib ham ishlagan.

Avvalroq esa Navoiy viloyati prokurori muovini va Oʻzbekiston Bosh prokuraturasidagi qator lavozimlarni egallagan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02