Putin: "Qizlarim siyosat va biznes bilan shugʻullanmaydi"

Putin Image copyright Getty Images

Amerikalik rejissyor Oliver Stounning "Putin bilan intervyu" hujjatli filmida oilasi haqida gapirarkan, Rossiya prezidenti qizlari bilan koʻrishib turishi, ular "hech qanday siyosat va katta biznes bilan shugʻulllanmasliklari"ni aytgan.

12 iyun kuni Showtime kabel televideniyesi orqali namoyish etila boshlangan film muallifi Putindan "nabiralaringizni yaxshi koʻrasizmi?" deb soʻragan.

Rossiya rahbari "juda ham" deb javob bergan, ammo ular bilan oʻynashga har doim ham vaqt topolmasligidan shikoyat qilgan.

Putinning aytishicha, u qizlari bilan faxrlanadi va kuyovlari bilan ahyon-ahyonda bahslashib ham turadi.

"Koʻpincha fikrlarimiz har-xil boʻladi", - degan Putin.

Putinning soʻzlariga koʻra, uning qizlari ilm-fan va taʼlim bilan mashgʻul.

Vladimir Putinning sobiq ayoli Lyudmila Putin bilan turmushidan Mariya va Katerina ismli ikki qizi bor.

Ularning hayoti haqida rasman hech narsa maʼlum emas.

Matbuotda paydo boʻlgan maʼlumotlarga koʻra, Mariya ilm bilan shugʻullanadi va uning turmush oʻrtogʻi gollandiyalik Yorrit Yost Faassen, bir qizi bor.

Katerina esa, jurnalistlar qoʻlga kiritgan maʼlumotlarga koʻra, Tixonova familiyasini olgan va Moskva davlat universitetining ilmiy loyihasiga rahbarlik qiladi.

U milliarder Kirill Shamalovga turmushga chiqqan.

Putin qizlari haqidagi maʼlumotlarni hech qachon tasdiqlamagan.

Oliver Stounning filmida Putin avtomobilni boshqaradi, AQShni Al-Qoidani tuzish va Chechenistondagi jangarilarga yordam berishda ayblaydi va SSSRning sobiq prezidenti Gorbachevni tanqid qiladi.

Film Rossiyaning "Birinchi kanal"i orqali 19 iyundan 22 iyunga qadar namoyish etiladi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq