"Oʻzbekiston jahon chempionatiga chiqadi, faqat..."

Eron Image copyright Amin M. Jamali/Getty

"A" guruhi yakuniy bosqich saralash bellashuvlarining soʻnggi ikki uchrashuvida gʻalaba qozona olsa".

"Shunisi qiziqki, bizlarda har doim imkoniyat boʻlgan. Har bitta turdan keyin, har bitta magʻlubiyatdan keyin, baribir ham, imkoniyat boʻlgan. Shu jihatdan olib qaraganda, hali toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkoniyatimiz ham yoʻqolmagan", - deydi Eronga qarshi dushanba kungi hal qiluvchi oʻyindagi magʻlubiyat ortidan Toshkentdan yetakchi sport sharhlovchisi Abror Imomxoʻjayev.

Osiyo mintaqasidan 2018 yilgi jahon chempionati yakuniy bosqich saralash bellashuvlarining 8-tur uchrashuvi Tehronda boʻlib oʻtgan, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi eronlik raqiblariga 2:0 hisobida magʻlub boʻlgandi.

Dushanba kungi gʻalabasi ortidan, Eron muddatidan ilgari jahon chempionatiga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanmani qoʻlga kiritgan birinchi Osiyo qitʼasi vakili boʻlgan.

Oʻzbekiston esa, muhim uch ochkoni yoʻqotib, guruhda Eron va Janubiy Koreyadan keyin yana uchinchi oʻrin bilan kifoyalanish majburiyati ostida qolgan.

Tafsilotlari videolavhamizda - nazardan qochirmang.

Bu bosqichda oʻz guruhida faqat birinchi va ikkinchi oʻrinni olgan jamoalargina jahon chempionatiga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish huquqini qoʻlga kiritishadi.

Uchinchi oʻrinni egallagani esa, yarimta yoʻllanma uchun kurashda avval Osiyo qitʼasi, unda gʻalaba qozongan taqdirda, qitʼalararo pley-off bosqichida oʻzini koʻrsatishi kerak boʻladi.

Oʻzbekiston oʻzi uchun hayot-mamot boʻlgan soʻnggi ikki uchrashuvidan dastlabkisini safarda Xitoy va yakuniysini oʻz maydonida Janubiy Koreyaga qarshi oʻtkazadi.

Yetti oʻyindan 13 ochko jamgʻarib turgan Janubiy Koreya hisobida hali oʻynalmagan uchta oʻyin bor.

Guruhda Oʻzbekistondan keyin 8 ochko bilan toʻrtinchi oʻrinni egallab turgan Suriya ham shu jumladan.

Aksariyat futbol sharhlovchilarining birdek eʼtirof etishlaricha, "A" guruhi ixtiyorida qolgan bir yarimta yoʻllanmaning taqdiri koʻp-da ana shu ikki milliy terma jamoa bugun oʻtkazajak 8-tur uchrashuvlari natijalariga ham bogʻliq boʻladi.

Ammo, shunda ham, Toshkentdan sharhlovchi suhbatdoshimiz, "Bu oddiy arifmetika. Yaʼni, qolgan ikki oʻyinda gʻalaba qozonsak, guruhda oʻsha ikkinchi oʻrinni egallashimiz mumkin boʻladi", - deydi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02