Oʻzbekiston dunyoning "ikkinchi tez rivojlanayotgan iqtisodi"

Oʻsish 7,6 foiz Image copyright Internet
Image caption Oʻsish 7,6 foiz

Jahon Banki Oʻzbekistonni 2017 yilda dunyoning eng surʼat bilan oʻsayotgan iqtisodlari qatoriga kiritgan.

Bankning Global iqtisodiy oʻsishga doir navbatdagi bashoratlarida Oʻzbekiston 7,6 foizlik oʻsish bilan Efiopiyadan keyin ikkinchi oʻringa qoʻyilgan.

Jahon bankiga koʻra, neft va gaz narxlarining oshishi hamda mintaqadagi qator yirik davlatlar hukumatlarining iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan choralari joriy yilda oʻzbek iqtisodining surʼat bilan oʻsishiga imkon beradi.

Umumiyatla, bank jahon iqtisodi 2017 yilda 2,7 foizga oʻsishini bashorat qilmoqda.

Xomashyo narxlarining koʻtarilishi, savdo va bozordagi ishonch bu yil dunyoda iqtisodiy yuksalishni taʼminlaydigan asosiy omillar boʻlishi kutiladi.

Jahon Banki va boshqa xalqaro moliya institutlari hukumatlar bergan rasmiy raqamlarga tayanadi.

Joriy yil boshida Oʻzbekiston hukumati yalpi ichki mahsulot hajmining 8 foiz atrofida oʻsishini bashorat qilgan.

Ayni paytda Prezident Mirziyoyev iqtisodda tizimli islohotlarga ehtiyoj borligini aytib kelmoqda.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02