JCh-2018: Eron 2-0 Oʻzbekiston

Oʻzbekiston Image copyright Amin M. Jamali/Getty

Osiyo mintaqasidan 2018 yilgi jahon chempionati yakuniy bosqich saralash bellashuvlarining 8-tur uchrashuvi mezbon Eronning gʻalabasi bilan yakunlandi.

Tehronning "Ozodi" stadionida boʻlib oʻtgan uchrashuvda eronliklar Oʻzbekiston milliy terma jamoasi darvozasiga javobsiz ikkita toʻp kiritishning uddasidan chiqishdi.

Har ikki raqib milliy terma jamoa uchun muhim boʻlgan oʻyinda hisobni eronliklar toʻpurari Sardor Azmun 1-boʻlimning 23-daqiqasida ochdi.

Orada Oʻzbekiston milliy terma jamoasida ham hisobni tenglashtirishning bir emas, bir nechta imkoniyati boʻldi.

Ammo eronliklar himoyasi va darvozaboni yaxshi oʻynadi.

Avvaliga Igorь Sergeyev, keyin esa, Sardor Rashidov zarbasining oldini olishga muvaffaq boʻldi.

2-boʻlimning soʻnggi daqiqalarida esa, Eron hisobda yanada oldinga chiqib oldi.

Uchrashuvning 88-daqiqasida Mehdi Tarimiy hisobni 2:0 ga yetkazdi.

Eron bugungi yutugʻi ortidan, muddatidan ilgari va oʻz tarixida beshinchi bor jahon chempionatiga chiqdi.

Bundan tashqari, Eron Osiyo qitʼasidan bu kabi sharafga noyil boʻlgan birinchi milliy terma jamoa ham boʻldi.

Oʻzbekiston esa, bugungi magʻlubiyati ortidan oʻz oldiga qoʻygan vazifani yanada murakkablashtirdi.

"A" guruhidagi qolgan toʻrt jamoa: Qatar va Janubiy Koreya hamda Suriya-Xitoy oʻzlarining 8-tur uchrashuvlarini ertaga - 13 iyun kuni oʻtkazishadi.

Bu guruhdan 2018 yilgi jahon chempionatiga toʻgʻridan-toʻgʻri yana bir yoʻllanmaning taqdiri bu ikki oʻyin natijasiga ham anchayin bogʻliq boʻladi.

Bu gal ham oʻz tarixida birinchi bor jahon chempionatiga chiqish uchun kurash olib borayotgan Oʻzbekiston qolgan ikki uchrashuvidan navbatdagisini safarda 31 avgust kuni Xitoyga qarshi oʻtkazadi.

5 sentyabr kuni esa, oʻzining eng soʻnggi uchrashuvida Janubiy Koreyani Toshkentda qabul qiladi.

Oʻzbekiston Osiyo qitʼasidan jahon chempionatiga yoʻllanma uchun oʻz kurashini davom etdirmoqchi boʻlsa, qolgan ikki oʻyinda gʻalaba qozonishi albatta shart boʻladi.

Prevyu oʻrnida

Image copyright Getty Images

Joriy paytda "A" guruhi peshqadami Eron va Oʻzbekiston Tehrondagi bugungi oʻyinga qadar yetti bor bir-birlariga qarshi maydonga tushishgan.

Shundan beshtasida Eron, bittasida Oʻzbekiston gʻalaba qozongan. Bir oʻyin esa, durang natija bilan yakunlangan.

Tafsilotlari videolavhamizda - nazardan qochirmang.

Bu ikki raqib milliy terma jamoa oʻrtasidagi yetti oʻyindan uchtasi jahon chempionati saralash bosqich bellashuvlari boʻladi.

Shundan ikkitasi Toshkent va bittasi Tehronda boʻlib oʻtgan, Oʻzbekiston hisobidagi yagona gʻalaba esa, aynan 2012 yilda Eronda boʻlib oʻtganiga toʻgʻri keladi.

Ulugʻbek Baqoyev esa, hozircha Eron darvozasini zabt etolgan birinchi va soʻnggi oʻzbekistonlik futbolchi boʻladi.

Eron yakuniy bosqich saralash bellashuvlarida halicha biror marta magʻlubiyat alamini tatimagan.

Oʻzbekistonga qarshi bugungi oʻyiniga qadar Eron 5 ta gʻalaba va ikkita durang natija qayd etgan.

Oʻzbekiston esa, toʻrtta uchrashuvida raqiblarini dogʻda qoldirgan. Ammo uchta oʻyinini boy bergan.

Yutgan va yutqizgan-chi?..

Bu bosqichda oʻz guruhida eng yaxshi natija qayd etgan ikkitadan milliy terma jamoa Rossiya mezbonlik qilajak 2018 yilgi jahon chempionatiga toʻgʻridan toʻgʻri yoʻllanmani qoʻlga kiritadi.

Yakuniy bosqich saralash bellashuvlarini oʻz guruhlarida uchinchi oʻrin bilan yakunlagan qolgan ikki milliy terma jamoa esa, Osiyo qitʼasiga ajratilgan yana yarimta yoʻllanma uchun pley-off bosqichida toʻp surishadi.

Joriy bosqichda Osiyoning jaʼmi 10 ta milliy terma jamoasi FIFA tomonidan qatʼa uchun ajratilgan 4.5 ta yoʻllanma uchun kurash olib borishmoqda.

"A" guruhi peshqadami boʻlgan Eron yetti oʻyindan 17 ochko jamgʻarishga muvaffaq boʻlgan.

Oʻzbekiston hisobidagi ochkolarning soni esa, joriy paytda bundan beshtaga kam.

Ammo soʻnggi bosqich saralash bellashuvlari yakuniga qadar jamoalar yana ikkitadan oʻyin oʻtkazishadi.

Oʻzbekiston safarda Xitoy va "uyda" Janubiy Koreyaga qarshi toʻp suradi.

Agar, Tehrondagi bugungi oʻyinda gʻalaba qozonsa, Eron muddatidan ilgari va oʻz tarixida beshinchi bor toʻgʻridan-toʻgʻri jahon chempionatiga chiqadi.

Eronda muhim uch ochkoni qoʻlga kiritgan taqdirda esa, Oʻzbekiston birinchi bor bu kabi sharafga noyil boʻlish imkoniyatini saqlab qoladi.

Yaʼni, oʻzining qisqa tarixida ikki bor Osiyo qitʼasi saralash bosqich bellashuvlarining pley-off bosqichiga koʻtarilgan esa-da, Oʻzbekistonga halicha jahon chempionatiga chiqish nasib etmagan.

Eron va Oʻzbekiston oʻrtasidagi ana shu muhim uchrashuvning oʻzi esa, bugun Toshkent vaqti bilan kechki soat 21:45 da Tehronning "Ozodi" stadionida boshlanadi.

Ikki raqib milliy terma jamoa soʻnggi bor oʻtgan yil oktyabr oyida poytaxt Toshkentda bir-birlariga qarshi maydonga tushishgan.

2018 yilgi jahon chempionati yakuniy bosqich saralash bellashuvlari doirasidagi bu oʻyinning taqdirini 27-daqiqada Eron oʻyinchisi Sayid Jalol Husayniy kiritgan yagona toʻp hal qilgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02