Oʻzbekiston "maʼrifiy Islom" gʻoyasini ilgari surmoqda

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

Shanxay Hamkorlik tashkilotining Ostonadagi sammitida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom dinining asl maʼrifiy qadriyatlarini yoshlarga tushuntirish zarurligi haqida gapirgan.

Radikal mutaassib guruhlar Islom dini niqobi ostida zoʻravonliklarga qoʻl urishni maqsad qilganliklari, bunday guruhlar yoshlarni oʻzlarining saflariga jalb qilish uchun axborot texnologiyalaridan foydalanayotganlarini aytgan Prezident Mirziyoyev.

Oʻzbekistonda diniy aqidaparastlikka qarshi "jaholatga qarshi maʼrifat" shiori ilgari surilgan.

Shu asosda Prezident Mirziyoyev yoshlarning turli oqimlar taʼsiriga tushib qolmasliklari uchun maʼrifiy Islomni yanada kengroq tarqatish muhimligini urgʻulagan.

Videoni YouTube kanalimizda tomosha qiling

"Oʻylaymizki, yoshlarning maʼnaviy va axloqiy maʼrifatiga, ularda bilim va oʻzini takomillashtirishga intilishni shakllantirishga alohida eʼtibor qaratish muhimdir.

Barchamizni doimo yaxshilik, tinchlik va bagʻrikenglikka chaqirgan va daʼvat etuvchi Islom dinining asl maʼrifiy qadriyatlarini keng miqyosda tushuntirishda hamkorlik qilish muhim deb hisoblaymiz", degan Oʻzbekiston rahbari.

Prezident Mirziyoyev Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro tadqiqot markazi tashkil etilganini eslatgan.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning aytishicha, Ostona sammitida Oʻzbekiston prezidenti ilgari surgan gʻoya koʻplab rahbarlarga maʼqul kelgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02