Mirziyoyev Rustam Azimov egallagan lavozimni tugatdi

Mirziyoyev va Azimov Image copyright Official
Image caption Mirziyoyev va Azimov hokimiyat uchun yashirincha kurashishgan deb ishoniladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir oʻrinbosari - Makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy oʻzgartirishlar, xorijiy investitsiyalarni jalb etish kompleksi va Makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy oʻzgartirishlar, xorijiy investitsiyalarni jalb etish Yigʻma axborot-tahlil departamenti rahbari lavozimini tugatish haqidagi qarorga imzo chekkan.

Shu yil iyuniga qadar ushbu lavozimni Rustam Azimov egallab kelgan, oʻtgan hafta ayni lavozimga Jamshid Qoʻchqorov tayinlangandi.

12 iyun kuni imzolangan №PP-3051 sonli qarorga muvofiq, endilikda Jamshid Qoʻchqorov rahbari boʻlgan kompleks "Iqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy oʻzgartishlar, investitsiyalar, bank va moliya tizimini isloh qilish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari kompleksi" deb ataladi.

Vazirlar Mahkamasining ijro tizimidagi oʻzgarishlar "iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, ijro intizomini mustahkamlash va shaxsiy javobgarligini oshirish maqsadi" bilan tushuntirilgan.

Qarorga binoan Bosh vazirning yana bir oʻrinbosari rahbarlik qiladigan soha oʻzgartirilgan va toʻrtta axborot-tahlil departamenti tugatilib, oʻrniga oltita yangi departament tashkil etilgan.

Ketdimi, ketkazildimi?

59 yoshli Azimovning 6 iyun kuni eʼlon qilingan isteʼfosi koʻpchilik uchun kutilmagan boʻlgan.

Odatda hukumat tarkibidagi oʻzgarishlarni sharhlamaydigan Oʻzbekistondagi nashrlar Azimovning hukumatdan ketishi masalasiga eʼtibor qaratgan va uning oʻzi ketdimi yoki ketkazildimi, degan savollarni ham koʻtargan.

Tahlilchilar Islom Karimov boshqaruvining soʻnggi yillarida Mirziyoyev hamda Azimov oʻrtasida siyosiy merosxoʻrlik uchun yashirin kurashlarning davom etib kelganini aytishgan.

Ammo oʻtgan yil sentyabrida Azimov Mirziyoyevning prezidentlikka nomzodini qoʻllab-quvvatlagandi.

Buning ortidan hokimiyatda Mirziyoyev-Azimov tandemi yuzaga kelishi va Azimovning Bosh vazir lavozimini egallashi haqida farazlar aytilgan.

Ammo Mirziyoyev prezident etib saylanishidan koʻp oʻtmay, Azimov rahbari boʻlgan Moliya vazirligini keskin tanqid qilgan.

Keyinroq Prezident Azimovni "hayotdan uzilib qolganlik" va "moliya-kredit tizimini barbod qilish"da ayblagan.

Tahlilchilar "Oʻzbekinvest" kompaniyasining rahbari etib tayinlangan Rustam Azimovning lavozimda uzoq qolmasligini bashorat qilishmoqda.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02