JCh-2018: Oʻzbekiston endi jahon chempionatiga aniq chiqadimi?

Oʻzbekiston terma jamoasi Image copyright KARIM JAAFAR/Getty

"Bizning ("A" guruhida - tahr.) uchinchi oʻrin uchun bahs olib borishimiz koʻproq haqiqatga yaqinlashgan edi. Kechagi natijalardan keyin, endi, hatto, ikkinchi oʻrin uchun ham imkoniyat bor", - deydi xuddi shu savolga javob berarkan Toshkentdan yetakchi sport sharhlovchisi Abror Imomxoʻjayev.

Tafsilotlari videolavhamizda - nazardan qochirmang.

Osiyo mintaqasidan 2018 yilgi jahon chempionati yakuniy bosqich saralash bellashuvlari 8-tur uchrashuvida Eronga qarshi qayd etgan magʻlubiyati ortidan, Oʻzbekiston uchun guruhdagi 13 iyun kuniga belgilangan qolgan ikki juftlik oʻyinlari natijasi muhim ahamiyat kasb etgan.

Qatarga qarshi seshanba kungi 8-tur uchrashuviga qadar Janubiy Koreya yetti oʻyinidan jaʼmi 13 ochko jamgʻargan holda guruhda Erondan keyin 2-oʻrinni egallab turgan.

Oʻzbekistondan keyin 4-oʻrinda borayotgan Suriya hisobidagi ochkolarning soni esa, 8 tani tashkil etgan.

Guruhdagi bu kabi holat kechagi oʻyin arafasida 12 ochko bilan 3-oʻrinda qolgan Oʻzbekistonning hatto yarimta yoʻllanma uchun kurash olib borish imkoniyatlarini xavf ostida qoldirgandi.

Ammo kutilmaganda Janubiy Koreya safarda dramatik kechgan oʻyinda (3:2) Qatarga yengilgan, Suriya esa, Xitoy bilan durang (2:2) natija qayd etgan.

Aksariyat futbol ahli uchun kutilmagan bu kabi natijalar ortidan, Oʻzbekistonning kelasi yilgi jahon chempionatiga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkoniyati yanada yaxshilangan.

Milliy terma jamoa yakuniy bosqich saralash bellashuvlarining soʻnggi ikki tur uchrashuvida gʻalaba qozongan taqdirda, "A" guruhiga ajratilgan ikkinchi yoʻllanmani oʻziga deyarli naqd qilgan.

Oʻzbekiston uchun hayot-mamot masalasini kasb etgan bu oʻyindan birinchisi shu yilning 31 avgust kuniga, soʻnggisi esa, 5 sentyabrga rejalangan.

Milliy terma jamoa avval safarda Xitoyga qarshi maydonga tushsa, buning ortidan, Janubiy Koreyani Toshkentda, oʻz uyida qabul qiladi.

Bu ikki milliy terma jamoani magʻlub etgan taqdirda esa, Oʻzbekiston oʻz tarixida birinchi bor jahon chempionatiga chiqadi.

Shunday ekan, bu vazifani uddalash qanchalik oson boʻladi? - BBC Oʻzbek Xizmati xuddi shu savol bilan yana Toshkentdan yetakchi sport sharhlovchisi Abror Imomxoʻjayevga murojaat qildi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02