"Oktyabr inqilobi va men"

Dilorom: "Bobom inqilob tarafdori boʻlgan, ammo Stalin davrida uni "xalq dushmani" deb eʼlon qilishgan... Image copyright Getty/bbcuzbek
Image caption Dilorom: "Bobom inqilob tarafdori boʻlgan, ammo Stalin davrida uni "xalq dushmani" deb eʼlon qilishgan...

Ayni tarixiy sana dunyoni isloh qilgani rost. Ammo qaysi tarafga? BBC Jahon xizmati ana shu sana munosabati bilan "Oktyabr inqilobi va men" rukni ostida oʻz oʻquvchilarining hikoyalarini toʻplamoqda. Geografik chegaralar yoʻq. Muhimi bu hikoyalar sizning va yo yaqinlaringiz hayoti bilan bogʻliq boʻlsa kifoya.

Balki inqilob bilan bogʻliq biror voqea aynan oilangizda va yo oilangiz tarixida roʻy bergandir?

1917 yil Sizning va yaqinlaringiz hayotida qanday akslangan?

Inqilob bilan oʻzgargan zamon Siz va yo yaqinlaringiz hayotida qanday iz qoldirgan? Ijobiymi va yo salbiy?

Image copyright Soviet art/internet
Image caption Bu rasm qanchalar haqiqat va yo sanʼat aniq emas

Balki yaqinlaringizni Lenin va yo inqilob sharafiga nomlashgandir?

Oʻz hikoyalaringiz va suratlaringizni bizga uzbek@bbc.co.uk manziliga yoʻllashingiz mumkin.

Image copyright Said Atabekov
Image caption Lenin kim?

Sizning suratlaringiz va hikoyalaringiz bbc.com, yaʼni BBC Jahon xizmatlarining sahifalarida, ijtimoiy tarmoqlarida nashr qilinadi.

Ana shunday hikoyalardan ayrimlari bilan tanishing.

Dilorom, Samarqand: (birinchi surat) "Mening bobom Samarqandda yurist boʻlib ishlagan. U inqilob tarafdori boʻlgan. Bolsheviklar partiyasiga aʼzo boʻlib kirgan va Turkiston inqilobiy tribunalining raisi boʻlgan. Stalin qatagʻoni davrida esa uni yolgʻondan josuslikda ayblashadi va Uzoq Sharqqa surgun qilishadi. Bobom u yerdan qaytmaydi. Otam esa oʻsha vaqtlar besh yoshda boʻlganlar. U "xalq dushmani" tamgʻasi bilan ulgʻaygan. Bu esa bizning oilamizga jiddiy taʼsir qildi. Salbiy iz qoldirdi va hamon bu iz arimagan".

________________________________________

Image copyright darius
Image caption "Moskvich"

Dariyush, Dushanbe, Tojikiston: Oʻtgan asrning saksoninchi yillarida men Tojikistonda maktab talabasi edim. Laqabim "Moskvich" edi. Chunki sinfdoshlar orasida faqat men Moskvaga borgan va Lenin mavzoleyini ziyorat qilgandim. Bizga Leninni ilohiylashtirib taqdim qilishgandi. Ittifoqo, Shoʻrolar qulaganidan keyin bir yil oʻtib men Moskvaga yana safar qildim. Ochigʻi, McDonalds restoraniga kirish uchun tizilganlar navbati Mavzoleynikidan bir necha karra uzun ekanidan dahshatga tushdim. Odamlarning ortiq Lenin bilan ishlari yoʻq edi.

________________________________________

Image caption "Eronliklar ham Rossiya inqilobidan ilhomlanishgan"

Faraj, Eron: Men Lenin va inqilob xalqlar uchun muvaffaqiyat va tenglik olib kelgani haqidagi hikoyalar bilan voyaga yetgan edim. Aksariyat eronliklar bu hikoyalardan ilhomlanishgan...1979 yilgi Eron Islomiy inqilobi ishtirokchilari ham bu ilhomlanishdan istisno emas. Eron inqilobidan toʻqqiz yil oʻtib men birinchi bor chet elga chiqdim. Bolgariyaga bordim. U yerdagi qashshoqlikdan dahshatga tushdim. Sofiyada Leninning ulkan haykali qoshida turib men bizda shohlarning yiqitilgan haykallari haqida oʻyladim. Birdaniga bir kun kelib Leninning bu haykali ham yiqitiladi degan fikr kechdi miyamda...Oradan uch yil oʻtib xuddi shunday boʻldi.

Bunga aloqador

"Alvido, Lenin" filmi Oʻzbek tilida -

Lenin's children BBC film - YouTube

Beqadr va beqabr, ammo unutilmagan Lenin haqida

Sho'ro haykallari xotirami yoki "Xayr, Lenin" deb aytamizmi?

Markaziy Osiyodagi eng baland Lenin haykali olib tashlandi

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02