38 yoshli gey doktor Irlandiyaning bosh vaziri boʻldi

Oʻz seksual oriyentatsiyasi va etnik kelib chiqishi tufayli koʻplar Varadkarni liberal lider deya koʻrishmoqda. Image copyright AFP
Image caption Oʻz seksual oriyentatsiyasi va etnik kelib chiqishi tufayli koʻplar Varadkarni liberal lider deya koʻrishmoqda.

38 yoshli Leo Varadkar Irlandiyaning eng yosh va ilk gey bosh vaziri etib saylandi. Parlament aʼzolari chorshanba kuni ovoz berar ekanlar, 57 deputat Varadkar nomzodini qoʻllab-quvvatladi, 50 nafari qarshi chiqdi va 47 nafari ovoz bermadi.

Onasi irlandiyalik hamshira ayol va otasi hindistonlik shifokor boʻlgan Leo Varadkar ham oʻtmishda shifokor boʻlib ishlagan. U oʻtgan oy Fine Gael partiyasi rahbarligini qoʻlga kiritgandi.

Parlamentda chiqish qilar ekan, janob Varadkar quyidagilarni aytdi: "Men bu mamlakatni boshqarish uchun saylandim, ammo men unga xizmat qilishga vaʼda beraman. Men boshqaradigan hukumat oʻng yo soʻl qanot boʻlmaydi, chunki u eskicha boʻlinishlar bugun oldimizda turgan siyosiy vazifalarni tushunmaydi".

Sobiq bosh vazir Enda Kenni lavozimni Varadkarga topshirar ekan, u irlandiyaliklarning yangi avlodi tilidan gapirishini aytdi.

Oʻz seksual oriyentatsiyasi va etnik kelib chiqishi tufayli koʻplar Varadkarni liberal lider deya koʻrishmoqda. Irlandiya katolik cherkov taʼsiri kuchli boʻlgan anʼanador jamiyatga ega.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02