Alisher Usmonovga kim yordam bergan?

Alisher Usmonov Image copyright NAVALNY.COM

BBC manbaʼlarining aytishicha, milliarder Alisher Usmonovning videomurojaat yozish va Navalniyni sudga berish qarorini Kreml qoʻllab-quvvatlagan.

Videoni You Tube kanalimizda tomosha qiling.

Unga videomurojaatni yozishda teleboshlovchi va biznesmen Sergey Minayev yordam bergan.

Buni BBCga Usmonov va Minayevni biladigan odamlar tasdiqlashgan.

Minayevning oʻzi videomurojaatga aloqasi borligini qatʼiyan rad etmoqda.

Usmonovning matbuot xizmati esa BBCning soʻroviga javob bermagan.

Putinning matbuot kotibi Peskov Usmonovga maslahat berganini rad etgan.

"Tupurdim senga, Aleksey Navalniy!"

Alisher Usmonov Navalniyga birinchi videomurojaatini 18 may kuni eʼlon qilgandi.

Unda milliarder Navalniy jamgʻarmasining oʻziga qarshi ayblovlariga javob qaytargan.

Bunga qadar Usmonov Navalniyni mahkamaga bergandi.

Navalniy Usmonovning videomurojaatiga javob berib, unga nisbatan ilgari surilgan ayblovlarni takrorlagan va Usmonovni bahsga chaqirgan.

Aleksey Navalniy shu yil martida Usmonov Bosh vazir Medvedevga saroy sovgʻa qilganini iddao qilgan.

U Alisher Usmonovni "jinoyatchi" deb atagan va Rossiyada bir tiyin ham soliq toʻlamasligini aytgan.

Mahkama arafasida Navalniyga videomurojaat bilan chiqqan Usmonov bu ayblarni rad etgan.

"Tupurdim senga, Aleksey Navalniy!" deya yakunlagan oʻzining birinchi videomurojaatini dunyodagi eng boy oʻzbek.

Videoni YouTubeda bir necha million odam koʻrgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02