Babayan ketmaydigan boʻldi

Samvel Babayan Image copyright UFF

Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasining ijroiya qoʻmitasi Samvel Babayanni futbol boʻyicha mamlakat terma jamoasining bosh murabbiyligidan chetlatish chaqiriqlarini rad etgan.

Federatsiya matbuot xizmati tarqatgan xabarda aytilishicha, Babayan boshchiligidagi murabbiylar shtabiga "ish va vazifani oxiriga yetkazib qoʻyish uchun imkoniyat beriladi".

"Oʻzbekiston terma jamoasining 31 avgustda Xitoyga qarshi safardagi oʻyini hamda 5 sentyabr kuni Koreyaga qarshi Toshkentdagi oʻyinlariga jamoani Samvel Babayan tayyorlaydi", deyiladi xabarda.

Futbol Federatsiyasi oʻzbek futbol ishqibozlarining shaxsiy fikrini hurmat qilishi va vaziyatni "yaxshi tushunib turgani"ni aytgan.

Xabarda aytilishicha, "milliy terma jamoaning keyingi taqdiri boʻyicha qaror 5 sentyabrda Koreya bilan Toshkentdagi oʻyindan keyin qabul qilinadi".

Maʼlum qilinishicha, shu yilning sentyabrь oyida OʻFF navbatdagi Konferentsiyasini oʻtkazadi va unda tashkiliy masalalar ham koʻriladi.

"Jumladan, Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasi Prezidenti va rahbarlik lavozimlarining saylovi, OʻFF strukturasini oʻzgartirish va kadrlar masalasini qayta koʻrib chiqish, shuningdek, mamlakat futbolini isloh qilish boʻyicha dasturlarni tuzib chiqish kabi dolzarb masalalar koʻrib chiqiladi", deyiladi rasmiy xabarda.

12 iyun kuni Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Tehrondagi oʻyinda Eronga 2:0 hisobida magʻlub boʻlishi ortidan Bosh murabbiy Babayanni isteʼfoga chiqarish chaqiriklari kuchaygan.

Oʻzbekistondagi futbolga ixtisoslashgan qator internet nashrlarida yetakchi futbol jurnalistlarining tanqidiy maqolalari chop etilgan.

Uff.uz sayti chorshanba kuni Babayanning isteʼfosi talab qilingan bayonotni chop etgan.

Oʻzbekistondagi ayrim nashrlar sentyabr oyida Futbol Federatsiyasi rahbari Mirabror Usmonovning isteʼfoga chiqishini ham taxmin qilmoqda.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02