Rossiya harbiylari: Bagʻdodiy oʻldirilgan boʻlishi mumkin

Bagʻdodiy Image copyright Reuters
Image caption Oʻtmishda Bagʻdodiyning oʻldirilgani toʻgʻrisida bir necha xabar chiqqan, biroq tasdigʻini topmagan

IShID guruhi rahbari Abu Bakr al-Bagʻdodiy Rossiya harbiy uchoqlari zarbasi bilan Suriyada oʻldirilgan boʻlishi mumkin. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi maʼlum qildi.

Vazirlik xabaridan anglashilicha, Bagʻdodiy Raqqa shahridan uncha uzoq boʻlmagan hududga bomba tashlanishi oqibatida oʻldirilgan boʻlishi mumkin. Zarba guruh yetakchilari yigʻilgan binoga berilgan.

Xabarda aytilishicha, IShID boshqaruv punktiga zarba 28 may kuni yarim tunda berilgan. Bombalarni Su-34 va Su-35 uchoqlari tashlagan.

"IShID ning harbiy kengashi tarkibiga kiruvchi oliymaqom qoʻmondonlari yoʻq qilindi. Yana taxminan 30 nafar dala qoʻmondoni hamda shaxsiy qoʻriqchilardan tashkil topgan 300 jangari oʻldirildi", - deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligi xabarida.

Unda yozilishicha, "Turli kanallar orqali tekshirilayotgan xabarlarga koʻra, majlisda IShID rahbari Abu Bakr al-Bagʻdodiy ham ishtirok etgan va zarba natijasida yoʻq qilingan".

Rossiya harbiylarining maʼlumotlariga koʻra, ushbu yigʻilishda ekstremistlarning bir necha yetakchilari ham ishtirok etgan va oʻldirilgan.

"Oʻldirilgan terroristlar orasida - Raqqa amiri Abu al-Xoji al-Misri, Raqqadan shahridan As-Suxna aholi yashash punktigacha boʻlgan hududni nazorat qiluvchi amir Ibrohim an-Noif al-Haj hamda IShID xavfsizlik xizmati rahbari Sulaymon al-Shauax bor", - demoqda Rossiya Mudofaa vazirligi.

Suriyada amaliyotlar olib borayotgan AQSh boshchiligidagi xalqaro aksilterror koalitsiya Rossiya Mudofaa vazirligi chiqargan xabarni tasdiqlay olmasligini bildirdi. Bu haqda koalitsiya rahbari polkovnik Jon Dorian Reuters agentligi bilan suhbatda maʼlum qilgan.

Oʻtmishda IShID rahbarining oʻlimi matbuotda bir necha marotaba chop etilgan, biroq ular oʻz tasdigʻini topmagan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq