Ikkinchi xotinga nikoh oʻqigan mulla jazolanadi

Mirziyoyev Image copyright O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 iyun kuni Oʻzbekistondagi imomlar, mahalla faollari bilan boʻlib oʻtgan video selektorda koʻpxotinlilik masalasiga ham toʻxtalib oʻtgan. Prezident ZAGSdan oʻtmagan holda sharʼiy nikoh oʻqigan mullalar, ular vallomat boʻlsa ham jinoiy jazo berilishini aytgan.

Videoni tomosha qilish uchun YouTube linkini bosing.

Prezident yosh oilalarning ajralib ketishida, qaynonalarning qonuniy rafiqasi bilan arazlashib qolgan oʻgʻliga ZAGSdan oʻtmagan holda yana bir qizga uylantirib qoʻyayotgani tanqid qilgan.

"Shu oʻrinda nozik masalaga toʻxtalmoqchiman. Baʼzan hayotda ZAGSdan oʻtmasdan turib, pul evaziga yashirincha sharʼiy nikoh oʻqitish, xotin ustiga xotin olish holatlari ham ming afsus koʻp uchrab turibdi. Oxirgi paytlarda bu illat juda avjiga olayapti. Bilmayman qayerdan paydo boʻldi, Toshkent shahri birinchi oʻrinda. Qaynona, onasi oʻpmaganidan sanga olib beraman, deb uch oyning ichida yana xotin olib berayapti. U bechora beva qolib ketayapti, oʻrtada bola paydo boʻlayapti. (Nikoh) oʻqigan imom hech narsaga javob bermayapti", - degan Mirziyoyev.

Oʻzbekiston Prezidenti koʻpxotinlilikni qoralash uchun "Oʻtgan kunlar" romanidan misol keltirgan.

"Bir paytlar hayotning oʻzi rad etgan kundoshlik, qoʻshxotinlilik qanday hunuk oqibatlarga olib kelishi barchamizni tashvishga solish kerak. Atoqli adibimiz Abdulla Qodiriy "Oʻtgan kunlar" romanida kundoshlik tufayli butun bir oila boshiga tushgan fojialarni juda taʼsirli tasvirlab bergani nahotki saboq boʻlmagan boʻlsa".

Mirziyoyev ikkinchi xotin boʻlib tekkan ayollardan tugʻilgan bolalarning kelajagi haqida oʻylashga chaqirgan.

"Axir tegishli davlat idorasida qonuniy qayd etilmagan nikohdan tugʻilgan farzandlarning taqdiri kelajagi ertaga nima boʻladi? Tabiiyki davlat qonunlari boʻyicha ular koʻpgina huquqlardan mahrum boʻladi. Xususan otalikni belgilash, tugʻilganlik toʻgʻrisida guvohnoma olish, meros huquqi, oʻsib ulgʻaygandan keyin bogʻchaga, taʼlim muassasiga qabul qilish masalalarida qanchadan-qancha muammolar paydo boʻladi. Eng yomoni bunday bolalar ruhan majruh boʻlib, turli maʼnaviy nuqsonlar bilan voyaga yetadi. Ular oʻzini jamiyatning toʻlaqonli aʼzosi, deb his etolmaydi", - degan Prezident.

Shavkat Mirziyoyev ZAGS roʻyxatidan oʻtmagan juftlikka sharʼiy nikoh oʻqigan mullalarni jinoiy jazoga tortish boʻyicha qonun loyihasi ishlab chiqarilayotganini maʼlum qilgan.

"Hurmatli imom-xatiblar sizlar ZAGS hujjatini koʻrmasdan turib, turli boyvachchalarga sharʼiy nikoh oʻqib berayotganingizda mana shunday ishingiz oilalarga qanday baxtsizlik, jamiyatga qanday muammo olib kelayotgani loaqal tasavvur qila olasizlarmi oʻzi? Hozirgi kunda hayotimizdja avj olayotgan ana shunday xunuk, yaramas holatlarga chek qoʻyish maqsadida alohida qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Bu qonunda ZAGS hujjatiga ega boʻlmagan shaxslarga sharʼiy nikoh oʻqigan har qanday mullaga, agar u vallomat boʻlsa ham jinoiy jazo berish qaror qabul qilamiz".

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Yana ushbu mavzuga oid:

Hukumat yoshlarning turmush qurishini nazorat eta oladimi?

Tojikiston: ikkinchi xotinlar va ularning erlari nima deyishadi?

Karimov qizlarni erta turmushga bermaslik haqida ogohlantirdi

Britaniyada ko'pxotinlikka rozi bo'lgan muslimalar soni ortib bormoqda