Mirziyoyev 11 yillik taʼlimga qaytishni taklif qildi

Mirziyoyev Image copyright UzA

Prezident Mirziyoyev 11 yillik taʼlimni qayta tiklashni taklif qilgan.

Bu haqda u juma kuni poytaxtning Uchtepa tumanidagi 78-umumtaʼlim maktabiga tashrifi chogʻida gapirgan.

Prezidentga koʻra, 11 yillik taʼlim maktab va kollejlar oʻrtasidagi bogʻliqlikni mustahkamlash uchun muhim.

U tajriba sifatida ayni maktabda 11 yillik taʼlimni joriy etishni taklif qilgan.

OʻzAning Prezidentdan iqtibos keltirishicha, maktab qoshida oʻquv-kasb korxonasi ham tashkil etiladi.

"Yuqori sinflarda bolalar shaxs boʻlib, jamoa boʻlib shakllanadi, dedi davlatimiz rahbari. Ayni oʻsha paytda ularni oʻzlari oʻrgangan muhitdan ajratib qoʻymaslik kerak", - degan Mirziyoyev.

Prezident taʼlim jarayonining uzluksizligini taʼminlash va oʻquv dasturlarini takomillashtirish ham zarurligini taʼkidlagan.

Shu yil boshida ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekistonda 11 yillik taʼlim tizimi qayta joriy etilishi haqida xabarlar tarqagandi.

Ammo Xalq taʼlimi vazirligi bu xabarlarni rad etgan.

Oʻzbekistonda 11 yillik taʼlim 1997 yilda bekor qilingandi.

9+3 sxemasi boʻyicha 12 yillik umumiy majburiy bepul taʼlim tizimi 1997 yil 29 avgustda "Taʼlim toʻgʻrisida"gi Qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturlari asosida joriy qilingan.

Avvalroq Prezident Mirziyoyev kadrlar tayyorlash milliy dasturi muvaffaqiyatsizlikka uchraganini tan olgan edi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq