Mirziyoyevga qarshi sabotaj?

Xorazm viloyatida xalq qabulxonasi Image copyright MTRK.UZ
Image caption Xorazm viloyatida tashkil qilingan xalq qabulxonasi

Prezident Mirziyoyev sudyalarning qonunga zid, adolatsiz hukmlarini tanqid qilganidan keyin ham nohaq sud qarorlari qabul qilinayotgani haqida yozishmoqda Internet ijtimoiy tarmoqlari foydalanuvchilari.

Ana shu mazmundagi shikoyatlar Oʻzbekiston prezidentining Virtual qabulxonasi va Prezident Mirziyoyevning Facebookdagi sahifasiga borib tushayotganini koʻrish mumkin.

Zotan, Prezident Mirziyoyev sud tizimiga bagʻishlangan nutq bilan chiqqanining ertasi kuniyoq mamlakatdagi hamma sud qarorlarining adolatli boʻlib qolishini kutib ham boʻlmas edi.

Shuningdek, davlat rahbarining oʻz biznesi bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan insonlarga bankdan imtiyozli kredit ajratish koʻrsatmasi ham faqat qogʻozda qolib ketayotgani haqida xabarlar olinmoqda.

Ayrim viloyat va tuman hokimliklari, sud, prokuratura va boshqa mahalliy organlar mansabdorlari esa prezident Virtual qabulxonasiga shikoyat yozgan insonning oʻzini "yolgʻon maʼlumot", "yolgʻon axborot" tarqatish bandi boʻyicha jinoyat ishi ochish bilan tahdid qilish, shu yoʻl bilan shikoyatchiga bosim oʻtkazib, ovozini boʻgʻishga urinayotganlari ham haqiqat.

Prezident Mirziyoyevning oʻzi Oʻzbekiston sud tizimiga bagʻishlangan majlisda amaldorlarning Xalq qabulxonasi, Prezident Virtual qabulxonasini tashkil etishga qarshi chiqqanlari va bugun ham qarshi ekanlari haqida aytdi.

Image copyright GoV.UZ

"Nima uchun biz Xalq qabulxonalari va Prezident Virtual qabulxonasini tashkil qildik? Mening atrofimda yurganlarning ham koʻpiga yoqmagan. Yoqmaydiyam. Yoqmagan ham. Hokimlarga ham yoqmaydi, hech kimga yoqmaydi. Bu tashvish kimga kerak? Xalqni eshitish, nima degan gap? "Xalq bilan muloqot yili" eʼlon qilamiz, desam, u nima degan gap? Nima biz muloqot qilmaymizmi, degan mening atrofimdagi juda koʻp odamlar", deb aytgan Prezident Mirziyoyev 13 iyun kuni Toshkentda oʻtkazilgan videoselektor majlisda.

18 iyun holatiga koʻra, Prezident Mirziyoyev qabulxonasiga 894821 ma murojaat borib tushgan va bu murojaatlarning 93 foizi koʻrib chiqilgani haqidagi xabarni koʻrish mumkin.

Lekin bu shikoyatlarni yoʻllagan fuqarolardan qanchasining muammosi chindan ham hal etildi, qanchasini mahalliy chinovniklar "koʻrib chiqildi" deya prezident devoniga hisobot berishdi, aniqlash imkonsiz.

Shu bois ham xalq arzu-dodiga quloq tutishni istamagan, oddiy odamlarning muammolarini hal qilish oʻzlarining manfaatiga toʻgʻri kelmaydigan amaldorlar Prezident Mirziyoyev islohotlarini sabotaj qilyaptilarmi, degan mulohazalar ham paydo boʻlgan.

"Virtual qabulxonaga yozishning ham foydasi yoʻq ekan, murojaating yana qaytib kelib kimning ustidan yozgan boʻlsang, oʻshaning qoʻliga kelib tushar ekan", degan fikr paydo boʻlgan odamlarda deydi fargʻonalik inson huquqlari himoyachisi Bahodir Eliboyev.

Oʻzlarining arzu-dodini davlat odamlari koʻp yillar butkul inkor qilib kelganini koʻrgan va bugun Prezidentning chiqishlaridan ruhlangan xalqning mahalliy amaldorlarga qarshi noroziligi kelib chiqmasmikan, degan xavotir ham yuzaga kelgan.

Bahodir Eliboyev Virtual qabulxona haqida oddiy odamlar qanday fikrda ekanliklari haqida hikoya qiladi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq