Gaz va elektr qarzlarini undiruvchilar rezina tayoqlimi?

dubinka Image copyright Social media
Image caption Xodimlarga rezina tayoq berilishi mumkin

Internetda aholidan gaz va elektr toʻlovlarini undirish uchun tuzilgan Majburiy ijro byurosi xodimlarining surati paydo boʻldi. Unda ikki xil formani koʻrish mumkin, byuro xodimlari koʻliga rezina tayoq berilishini ham anglash mumkin. Biroq Adliya vazirligi ushbu xabarlarni rad etgan.

Image copyright Social media

BBC ushbu suratlarning Majburiy ijro byurosi xodimlariga tegishli ekanligi yoki emasligini rasmiylardan tasdiqlata olgani yoʻq.

Tashkilot saytidagi keltirilgan ishonch, shikoyat va aloqa raqamlari faksga ulanganligi sabab bogʻlanishning imkoni boʻlmadi.

Kun.uz Adliya vazirligi vakiligia tayanib xabar berishicha, majburiy ijro byurosi xodimlari uchun formalarning yakuniy koʻrinishi hali tasdiqlanmagan. Internetda tarqalgan suratlar haqiqiy formalar emas.

Vakil haqiqiy formalar ham internetda tarqalgan suratlardagiga oʻxshab ketishi, xodimlarda xuddi shunday rangdagi formalar va kepkalar boʻlishini aytgan. Lekin forma yelkasida MIB yozuvi, xodimning qoʻlida esa dubinka boʻlmaydi.

"Xodimlar politsiyachilardek boʻlishi haqiqatga yaqinmas. Ular dubinkada yurmaydi. Ularda umuman qurol boʻlmaydi. Ular tartibni, xavfsizlikni taʼminlash bilan shugʻullanmaydi. Ular qarzdorlarning uyiga borib, qarzni toʻlashga chaqiradi, qarzni toʻlamaslik oqibatlaridan ogohlantiradi", degan kun.uzga Adilya vazirligi vakili.

Vazirlik vakili formalarni tayyorlash hali loyiha bosqichida ekani, yaqin vaqt ichida formaning haqiqiy suratlari eʼlon qilinishini bildirgan.

Internetga tarqalgan suratlar ijtimoiy klip suratga olinish jarayoni ekanligi aytilgan.

Image copyright Social media

2017 yil 29 maydagi Prezident farmoniga koʻra, Adliya vazirligi qoshidagi Sud departamenti tugatilib, Bosh prokuratura huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etilgan.

Toshkent prokurori Botir Qudratxoʻjayev kommunal toʻlovlarni undiruvchi byuroga rahbar etib tayinlangan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02