BMT: Koʻchirilganlar soni rekord darajaga yetdi - 65 million

Syrians, who fled the Islamic State (IS) group stronghold of Raqqa, ride with their belongings on a truck, in an area near the village of Balaban, south of Jarablus, Syriaemb Image copyright AFP
Image caption Suriya urushi 12 million insonni oʻz uyini tashlab ketishga majbur etgan

BMTning Qochqinlar agentligi xabar qilishicha, butun dunyo boʻylab oʻzining tugʻilib oʻsgan joyini tashlab ketishga majbur boʻlgan insonlarning soni rekord darajaga chiqib 65 million 600 ming kishidan ortgan.

Qochqinlar agentligiga koʻra, bu odamlar yoki qochqinlar, yoki boshpana izlovchilar, yoki oʻz mamlakatining ichida yashash joyidan koʻchib chiqishga majbur boʻlgan insonlardir.

BMTning Qochqinlar boʻyicha Oliy Komissari Filippo Grandi aytishicha, bu - xalqaro diplomatiyaning koʻngilni xira qiladigan muvaffaqiyatsizligidir.

"Aftidan dunyo sulhga erisholmaydigan boʻlib qoldi", deb aytgan Filippo Grandi.

"Shuning uchun eski konfliktlar choʻzilyapti, yangi konfliktlar kelib chiqayapti. Va bu ikkalasi odamlarni oʻz joyidan koʻchirayapti... urushning ramzi boʻlgan majburiy koʻchish nihoyasiga yetadiganga oʻxshamaydi", deb aytgan Qochqinlar boʻyicha oliy komissar.

Uganda: qochqinlar uchun "eng yaxshi joymi"?

Image copyright Getty Images
Image caption Bidi Bidi qishlogʻi dunyodagi qochqinlarning eng yirik jamlogʻiga aylangan

2016 yili Janubiy Sudandagi zoʻravonliklar tufayli 340000 atrofida inson qoʻshni Ugandaga koʻchib oʻtishga majbur boʻldi.

Bu dunyo boʻyicha eng katta raqam edi, hatto Suriyani oʻtgan yili 200000 dan ortiq odam tashlab ketgan.

Bir yil oldin Bidi Bidi qishlogʻi oddiy bir qishloq edi.

Bugunga kelib esa Bidi Bidi 250 kvadrat kilometr maydonni egallagan va chorak million odamga boshpana bergan jamloqqa aylangan.

BMTga koʻra, dunyoda koʻchirilgan insonlarning soni rekord darajaga yetgani haqidagi hisobot boy mamlakatlarni bu haqda yana oʻylab koʻrishga turtki beradi.

Demakki, faqatgina qochqinlarni qabul qilish emas, tinchlik muzokaralarini qoʻllab-quvvatlash va qayta qurish amallariga ham koʻmaklashmoq lozim.

BMTning Qochqinlar boʻyicha Oliy Komissari Filippo Grandi ogohlantirishicha, koʻchirilgan insonlarning ogʻirligi dunyoning eng kambagʻal mamlakatlari zimmasiga tushmoqda.

BMT hisob-kitoblariga koʻra, oʻz uyini tashlab ketganlarning 84 foizi qashshoq va daromadi oʻrtacha hisoblanadigan mamlakatlarda yashashga majbur boʻlmoqdalar.

"Agar boy mamlakatlar millionlab qochqinni olishni xohlamayotgan boʻlsa, resurslari kam Afrika, Yaqin Sharq va Osiyodagi mamlakatlardan qanday qilib soʻrayman", deb aytgan janob Grandi.

Jahonning koʻchirilgan insonlari - raqamlarda

Dunyoda 65,6 million tugʻilgan joyidan koʻchirilgan inson bor - bu Britaniya aholisidan koʻp deganidir. Ular:

•22,5 million qochqin

•40,3 million oʻz mamlakati ichkarisida koʻchirilganlar

•2,8 million boshpana izlovchi

Qochqinlar qaysi mamlakatlardan kelishgan?

•Suriya: 5,5 million*

•Afgʻoniston: 2,5 million

•Janubiy Sudan: 1,4 million

Qochqinlarga boshpana bergan mamlakatlar:

•Turkiya: 2,9 million

•Pokiston: 1,4 million

•Livan: 1 million

•Eron: 979,4000

•Uganda: 940,800

•Efiopiya: 791,600

*Yana 6.3 million Suriya fuqarosi mamlakati ichkarisida koʻchirilgan

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq