Mobil aloqalarga toʻlov qachon soʻmda hisoblanadi?

So'm Image copyright Social media

Oʻzbek mobil telefon mijozlari narxlarni dollarga bogʻlab hisoblashdan bir yildan soʻng qutilishi mumkin. Ungacha mijozlar dollarning davlat kursida hisoblangan narxlarda toʻlashiga toʻgʻri keladi. Dollarning rasmiy kursi esa Oʻzbekistonda jadal suʼratlarda ortib bormoqda.

Oʻzbekistondagi mobil operatorlar hisob-kitoblarni amalga oshirishda dollardan bir yildan soʻng voz kechishi mumkin. Oʻzbekiston hukumat portalidagi normativ huquqiy hujjatlar muhokamasi saytidan shu narsa anglashiladi.

Muhokama qilinayotgan tartibdan maʼlum boʻlishicha, 2018 yilning 1 iyulidan boshlab hisob-kitoblar milliy valyutada amalga oshiriladi. Biroq ushbu sana yana oʻzgarishi mumkinligi ham ehtimoldan soqit qilinmayapti.

"2018 yil 1 iyuldan tariflarni oʻrnatish va koʻrsatilayotgan mobil aloqa xizmatlari uchun hisob-kitoblarni amalga oshirish Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasida amalga oshiriladi", - deyiladi tartib loyihasida.

Unga izoh qoldirganlardan biri ushbu sanani 2018 yilning boshlanishiga oʻzgartirishni taklif qilgan.

"Iyulgacha nimani kutayapmiz", - deb yozgan Rasul Abduraimov.

Oʻzbekistonda mobil aloqa xizmatiga toʻlovlar Markaziy Bank kursi boʻyicha dollar kursiga hisoblanib soʻmda toʻlanadi.

Dollar narxi esa soʻnggi oylarda oldingidan tezroq suʼratda ortayotganini koʻrish mumkin.

Bir dollar Markaziy Bank kursi boʻyicha 3930 soʻmga chiqqan.

Oʻzbekistonda valyuta ayirboshlashni erkinlashtirish toʻgʻrisida gap-soʻzlar rasmiy doiralarda avj olarkan, Oʻzbekiston ichida xizmatlarga haqlarni soʻmda belgilash talablari ham kuchaygan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq