Konvertatsiya ochilsa, ishsizlik va inflyatsiya koʻpayadimi?

Image copyright Reuters
Image caption Yusupovning yozishicha, valyuta bozorini erkinlashtirishga qarshi tomonlar "shok terapiyasi" kabi iboralarni qoʻllab, koʻplarni choʻchitishmoqda

Oʻzbekistonlik iqtisodiy tahlilchi Yuliy Yusupovning mamlakat valyuta bozorini liberallashtirish, yaʼni konvertatsiya ochilishining afzalliklari haqidagi maqolasi UZ24 saytida nashr etildi.

Yusupovning tahlili avvalroq ayni saytda bosilgan Aleksandr Davletovning konvertatsiya ochilishining salbiy tomonlari haqidagi maqolasiga javobdir.

Davletov oʻz maqolasida Oʻzbekistonda konvertatsiyaning ochilishi quyidagi oqibatlarga olib kelishini yozgandi:

- Dollarning erkin bozordagi kursi naq 10,500 soʻmga chiqib ketadi;

- Ichki Yalpi Mahsulot (IYaM) oʻsishi sekinlashadi va hatto toʻxtaydi;

- Inflyatsiya va ishsizlik ikki raqamli darajaga chiqadi;

Ammo, Yusupovning yozishicha, valyuta bozorini erkinlashtirishga qarshi tomonlar "shok terapiyasi" kabi iboralarni qoʻllab, koʻplarni choʻchitishmoqda.

Uning aytishicha, hozirda Oʻzbekistondagi inflyatsiya amalda shundoq ham ikki raqamli darajada, yaʼni 10%dan yuqori. "Biz allaqachon u darajaga chiqqanmiz", deb yozadi Yusupov.

"Boshqa savol, valyuta bozorining liberallashtirilishi inflyatsiyani yanada koʻtarib yuborishi mumkinmi? Faqatgina import mahsulotlariga narxlar oshsagina, bu yuz beradi. Lekin, bugunda aksar import mahsulotlari bozor kursida (yaʼni "qora" yoki "birja" kursida) sotiladi. Har qanday bozor erkinlashtirilganda, rasmiy kurs va bozordagi kurs oʻrtasida muvozanat narxi shakllanadi. Bu narx norasmiy bozordagidan yuqori boʻla olmaydi. Bu iqtisod qonuni. Oʻylaymanki, hozirda muvozanat nuqtasi "qora" kursga yaqinroq, yoki "qora" bilan "birja" kursi oʻrtasida turibdi. Demak, oʻrtacha hisobda bozordagi narxlar oshmaydi, aniqrogʻi, liberallashtirish ularga taʼsir qilmaydi", - deb aniqlik kiritadi Yusupov.

Image caption Oʻzbekistonda dollar narxi keskin oʻsishini baʼzilar konvertatsiyaga tayyorgarlik deya talqin qilishmoqda

Muallif bunda Markaziy Bankning valyuta aralashuvlarini ham tilga oladi. Uning aytishicha, agar Markaziy Bank oʻz majburiyatlarini bajarsa, dollar "birja" kursidan oshib ketmaydi.

Iqtisodiy oʻsish susayishi va ishsizlikning oshib ketishi haqidagi xavotirlarni ham Yusupov islohotlardan qoʻrqadiganlar qoʻlidagi "olaboʻji" deb hisoblaydi.

"Agar, muallif aytganidek, almashuv kursining qadrsizlanishi yuz bersa, iqtisodiy oʻsish eksport oʻsishi hisobiga kuchayadi, ishsizlik esa kamayadi. Baʼzi iqtisodiy nazariyalarga binoan, hatto inflyatsiya ham qisqa muddatda iqtisodiy oʻsishni kuchaytirishi mumkin", - deb yozadi Yusupov.

U, shuningdek, mamlakatdagi rasmiy "kafolatlangan" yillik 8 foizlik oʻsishga ishora qilib, "aslida bizda oʻsish bormi va uning ahamiyati nimada?" deb savol qoʻyadi.

Ammo, ayni damda uning oʻzi ham oʻtmishdagi rasmiy raqamlarga tayanib, oʻz iddaosini asoslab beradi.

"2002-2003 yillarda bizning yurtimizda valyuta bozori allaqachon liberallashtirilgandi. Hech qanday iqtisodiy oʻsish susayishi yuz bermagan. Inflyatsiya va ishsizlik ham umuman oʻsmagan. Aksincha, 2004-2008 yillarda iqtisodiy oʻsish tezlashdi va eksport toʻrt marta oshdi, inflyatsiya esa kamaydi", - deydi tahlilchi.

Yusupov asossiz eski qarashlar va "olaboʻji"larni qaytarmaslikka chaqiradi.

"Islohotlar, albatta, muammo va yoʻqotishlarsiz boʻlmaydi, lekin ularni bugungi isloh qilinmayotgan iqtisod har soniyada boshidan kechirayotgan yoʻqotishlarga tenglab boʻlmaydi", - deydi u.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq