Mirziyoyev oʻzbekistonliklar xorijda davolanishi oldini olish ilk chorasiga qoʻl urdi

Bolakayni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazayotgan oʻzbekistonlik shifokor Image copyright SOCIAL MEDIA

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga 2017-2021 yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarori Oʻzbekiston fuqarolarining xorijiy tibbiyot muassasasida davolanishi oldini olish yoʻlidagi dastlabki qadam deb koʻrilmoqda.

Prezidentning yangi qarorida mamlakatdagi barcha davolash, diagnostika muassasasining hozirgi ahvolini ikki oy ichida koʻrib chiqish talabi qoʻyilgan.

Shifoxona, davolash markazi va boshqa tibbiyot muassasasida kasallikni aniqlash, oldini olish va davolash uchun yetarli imkoniyatlari bormi, moddiy-texnik jihatdan yetarli taʼminlanganmi yoki yoʻqligi oʻrganib chiqiladi.

Shundan soʻng mamlakatdagi shifoxona va tibbiyot markazlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash choralarini koʻrish moʻljallanmoqda.

Bundan oldin Prezident Mirziyoyev oʻzbekistonliklar chet elda davolanishga majbur boʻlayotganlarini tanqid qilgan edi.

Image copyright Reuters

Mamlakatning oʻzida sifatli davolanishga koʻzi yetmagan Oʻzbekiston fuqarolari murakkab jarrohlik amaliyotlari uchun xorijiy shifoxonalarni tanlayotganlari va 40000 AQSh dollari atrofidagi mablagʻ chet ellik shifokorlar choʻntagiga tushayotganini aytgan Oʻzbekiston rahbari.

Chindan ham oxirgi yillarda bosh, yurak-qon tomir tizimi bilan bogʻliq jarrohlik amaliyotini Hindiston yoki Rossiyada oʻtkazishga qaror qilgan oʻzbekistonlik bemorlar soni koʻpaygani kuzatilgan.

Bunga esa malakali tibbiy mutaxassislarning maosh kamligi tufayli Oʻzbekistondan chiqib ketganlari sabab boʻlgan.

Birgina Yamanning oʻzida fuqarolar urushidan oldin bir necha ming oʻzbekistonlik vrach yoki hamshira ishlayotgan boʻlganlar.

Prezident Mirziyoyev maxsus majlisda Sogʻlikni saqlash vazirligi rahbariyatiga xorijdagi mutaxassislarni orqaga qaytarish lozimligi haqida aytgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq