Oʻzbekiston-Tojikiston: "viza tizimini bekor qilsangiz..."

Oʻzbekiston Image copyright official

Ayon boʻlishicha, bunday taklif bilan har ikki davlat ishbilarmonlari chiqishgan.

Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi viza tizimini yengillatish yoki bekor qilishni soʻrashgan.

Tafsilotlari videolavhamizda - nazardan qochirmang.

Ularga koʻra, bu - oʻzaro savdo-iqtisodiy aloqalarning samarali rivoji uchun muhimdir.

Bu haqda hukumatdagi manbasiga tayanib, Tojikistonning yetakchi news.tj internet nashri xabar bergan.

Har ikki davlat hukumat hayʼatlari 20 iyun kuni Dushanbeda uchrashishgan.

Ularga Tojikiston Bosh vaziri birinchi muovini va Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari boshchilik qilgan.

Oʻzbekiston-Tojikiston oʻrtasidagi viza tizimi 2000 yilda kiritilgan.

Xabarlarga koʻra, yigʻin chogʻida oʻzaro chegarada qoʻshimcha nazorat-oʻtish postlari tashkil qilish masalasi ham koʻtarilgan.

Toshkentdan Dushanbega parvoz qiluvchi samolyot chiptalari qiymatini pasaytirish borasida ham soʻz borgan.

Tomonlarning mamnuniyat bilan qayd etishlaricha, soʻnggi oylarda oʻzaro tovar ayirboshlash koʻlami jadallashgan.

Bor-yoʻgʻi oʻtgan besh oyning oʻzida 70 million AQSh dollaridan ortib ketgan.

2015 yilgisi bilan qiyoslanganda, qariyb olti barobariga ortgan.

Shu oy oxirida Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirining 20 yil deganda ilk bor Tojikistonga tashrif buyurishi kutilmoqda.

Abdusalom Azizov MDH ga aʼzo davlatlar Ichki ishlar vazirlarining Dushanbedagi (27-29 iyun) yigʻinida ishtirok etadi.

Yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev qudratga kelishi ortidan, Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi aloqalarning jadallik bilan iliqlashib borayotgani kuzatiladi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02