"Qirqqa kirmaganlar Hajga bormaydi"

Umra ziyoratchilari Image copyright BBC UZBEK

Tojikiston rasmiylari yoshi 40 dan kichik fuqarolarni Haj ziyoratiga borishini taqiqlaganlar.

Bu xabarni Tojikiston Din ishlari, urf-odatlarni tartibga solish qoʻmitasi matbuot xizmati "Radio Ozodi" radiosiga tasdiqlagan.

Din ishlari qoʻmitasiga koʻra, bunday qaror mamlakatning keksa fuqarolariga Haj ziyoratini ado etishlariga koʻproq imkoniyat yaratish maqsadida qabul qilingan.

Biroq Tojikistondagi vaziyatni yaxshi biladigan koʻpchilikning fikricha, hukumat Tojik yoshlarining radikallashishi oldini olish maqsadida ana shunday choralarga qoʻl urgan.

Bundan oldingi yillarda Tojikistonda maktab oʻquvchi qizlarining roʻmol oʻrashlari taqiqlangan, voyaga yetmaganlarning masjidga kirib namoz oʻqishlari maʼn etilgan.

Koʻplab yosh tojikistonliklar Iroq va Suriyadagi jangarilar saflariga borib qoʻshilgani haqidagi xabarlar ortidan Tojikiston hukumati xorijiy mamlakatlardagi madrasalarda Islom dinini oʻrganayotgan minglab talabalarni vataniga qaytishga majbur etdi.

Tojikiston hukumati bundan oldin ham Haj ziyoratiga boradigan fuqarolar uchun cheklovlar joriy etgan.

2010 yili yoshi 18 dan kichik va 80 dan oshgan tojikistonliklarning muqaddas ziyoratga borishlari taqiqlangan edi.

2015 yili yoshi 35 dan kichiklarga ana shunday cheklov kiritilgandi.

2016 yili 6000 Tojikiston fuqarosi Haj ziyoratini ado etgan.

Rasmiylarga koʻra, Tojikiston hukumati Saudiya Arabistoni hukumatidan oʻzlari uchun kvotani oshirishni va har yili kamida 8000 tojikistonlikning Hajga borishiga ruxsat berishini soʻrab kelmoqda.

Ammo hozircha Saudiya tarafi rasmiy Dushanbening bu soʻrovini qondirmagan.

Tojikiston rasmiylariga koʻra, bu yil Haj ziyorati uchun toʻlov 3985 AQSh dollariga teng mablagʻni tashkil etgan.

Bu yilgi toʻlov 2016 yilga nisbatan 570 dollar qimmatlagan.

Bunga Saudiya podshosining Haj soligʻi va AQSh dollarining kursi koʻtarilgani sabab boʻlgan.

Oʻzbekistondan ham yillik Haj ziyoratiga 6000 kishi borishiga ruxsat berilgan, bu kvotaning 2018 yildan 10000 ga oshirilishi xabar qilingan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq